Oʻzbekiston Prezidenti YeXHTning amaldagi raisi, Shvetsiya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

0
92
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 aprel kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) amaldagi raisi, Shvetsiya Qirolligi tashqi ishlar vaziri Ann Linde boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Uchrashuvda mamlakatimizning YeXHT bilan konstruktiv sherikligini rivojlantirish, Oʻzbekiston bilan Shvetsiya oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Davlatimiz rahbari YeXHT bilan samarali muloqotning bugungi darajasini mamnuniyat bilan qayd etdi hamda Shvetsiyaning tashkilotga raisligining ustuvor yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatladi.

Keyingi yillarda, shu jumladan ushbu nufuzli mintaqaviy tashkilotning mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori ofisining izchil saʼy-harakatlari tufayli oʻzaro muloqot va almashinuvlar jadallashgani taʼkidlandi.

Suhbatda Oʻzbekiston Prezidenti YeXHT bilan koʻp qirrali sheriklikni, avvalo, mamlakatimizda muhim ichki siyosiy tadbirlarni oʻtkazishga tayyorgarlik doirasida kengaytirishning asosiy yoʻnalishlariga alohida toʻxtaldi.

Oʻzbekiston tashkilotning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi va Parlament assambleyasi bilan sermahsul muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Yaqin orada bir qator qoʻshma tadbirlarni tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shvetsiya bilan ikki tomonlama munosabatlarning istiqbollari haqida soʻz yuritar ekan, taʼlim sohasida hamkorlik qilish, Shvetsiya yetakchi kompaniyalarining innovatsiyalari va investitsiyalarini mamlakatimizga jalb etish, savdo va kooperatsiya aloqalarini kengaytirishni muhim yoʻnalishlar sifatida qayd etdi.

Shvetsiyada Oʻzbekistonning diplomatik missiyasini tashkil etish mamlakatlarimiz oʻrtasidagi va umuman skandinav davlatlar bilan hamkorlikning mavjud salohiyati va keng imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

YeXHTning amaldagi raisi, Shvetsiya tashqi ishlar vaziri iliq qabul va ochiq suhbat uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Ann Linde Oʻzbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi siyosatni yuqori baholadi va qoʻllab-quvvatladi.

YeXHT doirasidagi qoʻshma tashabbuslar qoʻllab-quvvatlanayotgani hamda Shvetsiya bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga yuksak eʼtibor qaratilayotgani uchun minnatdorchilik bildirildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.