Oʻzbekiston Prezidenti YeXHTning amaldagi raisini qabul qildi

0
147
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 iyun kuni tongda, Urganch shahriga joʻnab ketishdan avval Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rauni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston va YeXHT oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish, Oʻzbekiston-Polsha munosabatlarini kengaytirish masalalari hamda dolzarb xalqaro kun tartibi koʻrib chiqildi.

Keyingi yillarda YeXHT bilan sheriklikda sifat jihatidan yangi darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tashkilot faoliyatining uchchala yoʻnalishida ham ochiq va samarali muloqot yoʻlga qoʻyilgani, yuqori darajada faol muloqot va almashinuvlar amalga oshirilayotgani, qabul qilingan “yoʻl xaritasi”ga muvofiq qoʻshma tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtkazilayotgani bunga dalolat bermoqda.

YeXHT raisi Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar strategiyasi berayotgan natijalarni hamda mamlakatimizning pragmatik tashqi siyosati, eng avvalo Markaziy Osiyoda doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ishonch munosabatlarini mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.

Davlatimiz va ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaning barcha institutlari oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni kuchaytirish, demokratik yangilanishlarni, shu jumladan konstitutsiyaviy islohotni ekspertlik jihatdan qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish, tashkilotning Parlament assambleyasi doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash ustuvor ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Iqtisodiyot va ekologiya yoʻnalishlari haqida soʻz yuritilar ekan, “yashil” taraqqiyot, raqamlashtirish, ish oʻrinlarini yaratish va tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash orqali kambagʻallikni qisqartirish, tabiatni muhofaza qilish boʻyicha, shu jumladan Orolboʻyi mintaqasida muhim tadbirlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Xalqaro siyosat, jumladan, Yevropa ittifoqi bilan koʻp tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, Afgʻonistonda tinchlikni taʼminlash va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Oʻzbekiston yetakchisi Oʻzbekiston-Polsha amaliy hamkorligini kengaytirish istiqbollariga alohida toʻxtaldi.

Xususan, oʻtgan yili ikki tomonlama tovar ayirboshlash uchdan bir qismga, joriy yil boshidan esa qariyb 50 foizga koʻpaydi. Polshaning yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, kimyo, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda qator qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Muhim gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda, jumladan, yurtimizda Varshava menejment universitetining filiali oʻz ishini boshladi.

Uchrashuvda ishbilarmon doiralar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish muhimligi alohida taʼkidlandi.

Janob Zbignev Rauning Oʻzbekistonga tashrifi yakunlari boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.