Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 mart kuni Fransiyaga davlat tashrifi doirasida BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YUNYeSKO) bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi.
BMT tizimidagi ushbu nufuzli tuzilma bilan samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari, shuningdek, joriy yilning kuzida Samarqand shahrida tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Koʻp qirrali sheriklik bugungi kunda yuksak darajada ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzbekiston tashabbusi bilan axborotdan foydalanish va bolalar taʼlimi masalalari boʻyicha rezolyusiyalar qabul qilindi.
Mamlakatimiz Madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilish boʻyicha xalqaro markazga aʼzo boʻldi. Buxoro «Kreativ shaharlar tarmogʻi»ga qoʻshildi. Samarqanddagi Ipak yoʻli universitetida YUNYeSKO kafedrasi ochildi. Oʻtgan yili taʼlim, madaniyat, raqamli va innovatsion texnologiyalar sohalarida 7 ta yangi loyihani amalga oshirish boshlandi.
Turon choʻllari va Zarafshon-Qoraqum yoʻlagi, ipakchilik, kulolchilik, rubob chalish va iftorlik anʼanalari, «Buxoro amiri devonxonasi arxivi», «Turkiston albomi», «Xudoybergan Devonov fotoalbomi» YUNYeSKOning maxsus roʻyxatlariga kiritildi.
Taʼkidlash joizki, Samarqand shahrida boʻlajak Bosh konferensiyaning 43-sessiyasi soʻnggi 40 yil ichida birinchi marta YUNYeSKOning Parij shahridagi qarorgohidan boshqa joyda oʻtkaziladi. Bu voqea tashkilotning 80 yilligiga toʻgʻri keladi.
Bosh direktor Odri Azule Oʻzbekiston bilan sermahsul hamkorlikni yuksak baholab, boʻlajak tadbirga keng koʻlamli tayyorgarlik koʻrilayotgani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Amaliy hamkorlik dasturlarini yanada kengaytirish, shuningdek, YUNYeSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasidagi forum va tadbirlarni tashkil etish boʻyicha yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.