Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 fevral kuni mamlakatimizda tashrif bilan boʻlib turgan Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon Ol Saud va Valiahd, mamlakat Bosh vaziri Muhammad Ol Saudning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi. Vazir, shuningdek, Podshohning koʻp millatli Oʻzbekiston xalqiga hadyasi – muqaddas Kaʼba yopinchigʻi kisvaning bir parchasini topshirdi.
Oʻzbekiston yetakchisi, oʻz navbatida, Saudiya Arabistoni rahbariyatiga bebaho tuhfa hamda ziyoratchilarimizning musulmon dunyosi markazlari — Makka va Madinada boʻlishi uchun yaratilgan imkoniyatlar va qulay sharoitlar uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Birgina oʻtgan yilning oʻzida 800 mingdan ziyod fuqarolarimiz Umra ziyoratini, 15 ming nafari Haj ibodatini ado etdi.
Suhbat chogʻida oʻzbekistonlik ziyoratchilarga shart-sharoitlar va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, ularning Saudiya Arabistoniga tashrifi xavfsiz va qulay boʻlishini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.