Oʻzbekiston Prezidentiga samimiy qutlovlar

0
93
marta koʻrilgan.

Mamlakatimizda 9 iyul kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev gʻalaba qozongani munosabati bilan uning nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan qutlovlar kelmoqda. Tabriknomalarda davlatimiz rahbariga baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, Oʻzbekistonning koʻp millatli xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilaklari izhor etilgan, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganingiz bilan chin dildan qutlayman.

Saylovdagi ishonchli gʻalabangiz yuksak siyosiy obroʻyingizni tasdiqladi, mamlakatni yanada jadal surʼatda rivojlantirish, uning xalqaro nufuzini mustahkamlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlaringiz xalq tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanayotganini koʻrsatdi.

Sizning Rossiya bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi qatʼiy intilishingizni yuksak qadrlaymiz. Ishonchim komil, birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan ikki tomonlama aloqalarning barcha yoʻnalishlarida oʻzaro manfaatli hamkorlik izchil kengayib boraveradi hamda mintaqaviy va xalqaro masalalarda oʻzaro muvofiqlashuv taʼminlanadi. Bu, hech shubhasiz, Rossiya va Oʻzbekiston xalqlarining orzu-umidlariga mosdir.

Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik, baxt-saodat, davlat rahbari sifatidagi gʻoyat masʼuliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.

Hurmat bilan,

 

Vladimir Putin,

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti

***

 

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Prezident janoblari!

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qozongan navbatdagi gʻalabangiz munosabati bilan Sizni Xitoy hukumati va xalqi nomidan hamda shaxsan oʻz nomimdan samimiy qutlashga ijozat bergaysiz.

Ushbu prezidentlik saylovi natijalari Siz hamda amalga oshirayotgan ichki va tashqi siyosatingiz Oʻzbekiston xalqi tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanayotganini koʻrsatdi. Dono rahbarligingiz ostida milliy taraqqiyot va tiklanish dasturi, hech shubhasiz, ulkan muvaffaqiyatlarga olib kelishiga ishonaman.

Keyingi yillarda birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz tufayli Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlari misli koʻrilmagan darajada rivojlandi, ikki tomonlama hamkorlik barcha sohalarda mustahkamlanib bormoqda. Oʻrtamizda qaror topgan namunali amaliy munosabatlar va yaqin doʻstlikni yuksak qadrlayman. Siz bilan Xitoy-Oʻzbekiston har tomonlama strategik sherikligini izchil rivojlantirish hamda mamlakatlarimiz oʻrtasida umumiy taqdir hamjamiyatini barpo etishga yangi surʼat bagʻishlashga tayyorman.

Sizga mustahkam sogʻlik va boshlagan barcha ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman. Doʻst Oʻzbekistonga ravnaq va kuch-qudrat, uning xalqiga esa baxt-saodat va farovonlik tilayman.

 

Si Szinpin,

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

***

 

Quyidagilar ham oʻz tabriklarini yoʻllagan:

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev,

Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov,

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon,

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev.

 

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.