Mamlakatimizda 2021 yil 24 oktyabr kuni boʻlib oʻtgan saylovda Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan uning nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlaridan samimiy tilaklar bildirilgan qutlovlar kelmoqda, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Sizni davlat rahbari saylovida ishonchli gʻalabaga erishganingiz bilan chin dildan qutlayman.
Ovoz berish natijalari Sizning yuksak siyosiy obroʻingizni, Oʻzbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va uning manfaatlarini xalqaro maydonda himoya qilishga qaratilgan siyosatingiz qoʻllab-quvvatlanayotganini toʻla-toʻkis tasdiqladi.
Siz mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga katta shaxsiy hissangizni qoʻshyapsiz. Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan bundan buyon ham sherikligimizni turli sohalarda kengaytirishimiz, mintaqa va global kun tartibidagi dolzarb masalalarni hal etishda konstruktiv hamkorlik qilishimizga ishonaman. Bu, hech shubhasiz, Rossiya va Oʻzbekistonning doʻst xalqlari manfaatlariga javob beradi, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash maqsadlariga mos keladi.
Chin qalbimdan davlat lavozimidagi faoliyatingizga muvaffaqiyatlar, mustahkam sogʻlik va baxt-saodat tilayman.
Hurmat bilan,
Vladimir Putin, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari,
Prezident saylovidagi yorqin gʻalabangiz munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib ikkinchi muddatga saylanganingiz mamlakat xalqining Sizning rahbarligingiz va rahnamoligingiz ostida amalga oshirilayotgan islohotlarga boʻlgan ishonchi ramzidir. Bu Oʻzbekistonning demokratik yoʻlda erishgan ulkan muvaffaqiyatlarini ham aks ettiradi.
Sizning qayta saylanganingiz haqidagi xabarni men katta mamnuniyat ila qabul qildim, chunki bu shaxsan biz uchun Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish yoʻlidagi hamkorlikni davom ettirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Ikkimiz mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash yoʻlida jadal ishlaganimiz juda quvonarlidir, bu esa, oʻz navbatida, yuqori darajadagi muntazam siyosiy almashinuvlar, ikki tomonlama aloqalarimizning barcha yoʻnalishlari boʻyicha, xususan, koinot, fuqarolik atom energetikasi, taʼlim va boshqa sohalarda oʻzaro hamkorlikni chuqurlashtirishda yangi yoʻnalishlarni ochib berdi. Koʻp tomonlama forumlar doirasidagi hamkorligimiz ham namunali boʻldi.
Sizga ikkinchi Prezidentlik muddatingizda muvaffaqiyatlar tilayman va Siz bilan yaqindan hamkorlik qilishdan umidvorman. Fursatdan foydalanib, Sizga va oila aʼzolaringizga mustahkam sogʻlik, baxt va farovonlik tilayman.
Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Narendra Modi, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Respublika Prezidentligiga qayta saylanganingiz munosabati bilan Sizga ushbu yuksak lavozimdagi vakolatlarni bajarishda katta muvaffaqiyatlar tilayman.
Ishonchim komil, Italiya tomonidan yuqori qiziqish bilan qaralayotgan Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi yaqin besh yilda yanada rivojlanish uchun barcha imkoniyatlarga ega boʻladi. Shu maʼnoda, mamlakatingizning yuksak marralarni koʻzlovchi islohotlarni amalga oshirish hamda Toshkent va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashda davom etamiz.
Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi munosabatlar aʼlo darajada ekanining dalili sifatida Samarqand shahrida navbatdagi “Italiya – Markaziy Osiyo” vazirlar uchrashuvining tashkil etilganini mamnuniyat bilan qayd etib, Sizga va barcha yurtdoshlaringizga farovonlik va ravnaq tilaklarimni yoʻllayman.
Serdjo Mattarella, Italiya Respublikasi Prezidenti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib qayta saylanganingiz munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy tabrik va ezgu tilaklarimni yoʻllashdan behad mamnunman.
Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik va baxt-saodat, doʻst Oʻzbekiston xalqi va hukumatiga doimiy taraqqiyot va ravnaq tilab qolaman.
Yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon, Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib qayta saylanganingiz munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga doʻstona tabrik va birodarona tilaklarimni yoʻllashdan behad mamnunman.
Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sogʻliq, omonlik va baxt-saodat, doʻst Oʻzbekiston xalqi va hukumatiga davomiy rivoj va ravnaq tilab qolaman.
Yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz,
Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum, Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amirligi hokimi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganingiz munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy tabrik va iliq tilaklarimni yoʻllashdan bagʻoyat xursandman.
Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sogʻlik va baxt-saodat, doʻst Oʻzbekiston xalqi va hukumatiga bardavom ravnaq va farovonlik tilab qolaman.
Chuqur ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon, Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli kuchlari Oliy bosh qoʻmondoni oʻrinbosari, Abu Dabi valiahdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganingiz munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy tabrik va iliq tilaklarimni yoʻllashdan benihoya mamnunman.
Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga sogʻlik-omonlik va baxt-saodat, doʻst Oʻzbekiston xalqi va hukumatiga ravnaq va taraqqiyot tilab qolaman.
Chuqur ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon, Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri oʻrinbosari, Prezident ishlari boʻyicha vaziri
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Siz Janobi Oliylariga iliq salomlarimni yoʻllagan holda Sizga sihat-salomatlik va omonlik, doʻst Oʻzbekiston xalqiga taraqqiyot va ravnaq tilashdan behad mamnunman.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib qayta saylanganingiz munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga samimiy tabriklarimni izhor etishdan bagʻoyat xursandman. Bu esa xalqingizning Sizga boʻlgan ishonchini aks ettiradi. Qodir Allohdan Sizga mamlakatingiz xizmatida ulkan muvaffaqiyatlar, yurtingizga tinchlik-osoyishtalik va farovonlik ato etishini soʻrayman. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasidagi doʻstlik aloqalari yanada rivojlanishini tilab qolaman.
Yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon, Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri oʻrinbosari, ichki ishlar vaziri
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib qayta saylanganingiz munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy tabriklarimizni izhor etish bizga katta mamnuniyat baxsh etadi.
Kelgusi lavozimingiz davomida halqlarimiz farovonligi yoʻlida ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarimizni yanada mustahkamlashga boʻlgan sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz.
Fursatdan foydalanib, doʻst Oʻzbekiston halqining yanada taraqqiyoti va farovonligi yoʻlidagi intilishlarini roʻyobga chiqarishida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
Haysam bin Toriq Ol Said, Oʻmon Sultoni
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.