Oʻzbekiston Prezidentiga Turkiy davlatlar tashkilotining oliy mukofoti topshirildi

0
97
marta koʻrilgan.

Turkiy davlatlar tashkiloti Davlatlar rahbarlari kengashi yigʻilishi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga turkiy xalqlar oilasining birligini mustahkamlashga, turkiy mamlakatlarning manfaatlari va qarashlarini xalqaro maydonda faol ilgari surishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun yuksak mukofot – “Turkiy dunyoning oliy ordeni”ni tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tadbirda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etdi.

Tashkilot davlatlari rahbarlari nomidan mukofotni Qozogʻiston Prezidenti topshirdi.

– Bu mukofotni men birinchi navbatda chinakam birodarlik rishtalari asosida yangidan yuksalayotgan yaqin doʻstligimiz va hamkorligimiz ramzi, deb bilaman, — dedi marosimda davlatimiz rahbari, hamkasblarga minnatdorlik bildirib.

Oxirgi davrda Turkiy dunyoning nufuzi va salohiyati har qachongidan ham koʻproq yuksalayotgani alohida qayd etildi. Oʻzbekiston 2019 yilda TDTga aʼzo boʻlib kirganidan buyon mamlakatimiz tomonidan turkiy mamlakatlar oʻrtasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan 50 dan ortiq taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

Mamlakatimizning tashkilotga raisligi davrda 100 dan ziyod turli tadbirlar oʻtkazildi, amaliy hamkorlikning yangi samarali mexanizmlari yaratildi, nufuzli global va mintaqaviy tuzilmalar bilan yaqin sheriklik aloqalari yoʻlga qoʻyildi.

Tashkilotga aʼzo barcha davlatlar bilan koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli aloqalar izchil kengaymoqda, strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatildi, savdo hajmlari ortmoqda, kooperatsiya kuchaymoqda.

– Barchamizning orzu va maqsadlarimiz, intilish va harakatlarimiz uygʻun va hamohangdir. Azaldan doʻst va qardosh boʻlgan turkiy xalqlarimiz bundan keyin ham ahil va hamjihat boʻlib, yorugʻ kelajakni birgalikda bunyod etadilar, — dedi davlatimiz rahbari.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.