Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 2018 yil 15-17 may kunlari ilk rasmiy tashrif bilan AQSHda boʻladi.
Oliy darajadagi muzokaralarda Oʻzbekiston – AQSH hamkorligining holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.
Vashingtonda davlatimiz rahbari, shuningdek, AQSH Kongressi, Mudofaa vazirligi va Davlat departamenti hamda Jahon bankida ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazadi.
Rasmiy tashrif yakunida ikki mamlakat Prezidentlari «Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari: strategik sheriklik yangi davrining boshlanishi» deb nomlangan Qoʻshma bayonotni imzolashi, turli sohalardagi oʻzaro munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar toʻplamining qabul qilinishi kutilmoqda.