Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiya Respublikasiga tarixiy davlat tashrifining tadbirlarga boy dasturi yakuniga yetdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari Parij shahrida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan samarali muzokaralar oʻtkazdi.
Sammit yakunida Strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisida qoʻshma deklaratsiya, shuningdek, hamkorlikning turli yoʻnalishlari boʻyicha bitimlarning salmoqli toʻplami qabul qilindi.
Prezidentimiz Fransiyaning yetakchi kompaniya, bank va tashkilotlari rahbarlari bilan davra suhbatida ishtirok etdi. Umumiy qiymati 6,5 milliard yevro boʻlgan aniq kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi Investitsiya va innovatsiya sohalarida hamkorlik dasturi qabul qilindi.
Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan salmoqli hissasi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Fransiya Respublikasining oliy mukofoti — Faxriy legion ordeni bilan taqdirlandi.
Tashrif doirasida Fransiya Milliy majlisi Raisi Yael Braun-Pive va Parij shahri meri Ann Idalgo bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Parij shahri koʻchalaridan biriga Samarqand nomini berishga bagʻishlangan marosim boʻldi.
YUNYeSKO Bosh direktori Odri Azule bilan muzokaralarda hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari hamda tashkilot Bosh konferensiyasining Samarqand shahridagi 43-sessiyasiga tayyorgarlik koʻrish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, «Orli» xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Fransiya sport va yoshlar vaziri Mari Barsak va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qoʻydi.
Davlatimiz rahbari Toshkentga joʻnab ketdi.