Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga tashrifi samarali boʻldi

0
71
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi samarali boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tashrifning ikkinchi kunida Fransiya Milliy yigʻini Raisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston va Fransiya Prezidentlari Yelisey saroyida muzokara oʻtkazdilar, rafiqalari bilan birgalikda Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida Oʻzbekistonning madaniy merosiga bagʻishlangan yirik koʻrgazmalar bilan tanishdilar.

Tashrif yakunlari boʻyicha davlat rahbarlari yuksak darajadagi keng qamrovli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish maqsadida Qoʻshma bayonot qabul qildilar.

Umuman, Oʻzbekiston-Fransiya munosabatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan 14 ta kelishuv qabul qilindi. Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 2023-2025 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturini amalga oshirish boʻyicha strategik sheriklik toʻgʻrisidagi bitim hamda Tashqi siyosiy idoralar oʻrtasidagi 2023-2024 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi shular jumlasidan.

Madaniy-tarixiy meros, maktabgacha, xalq va oliy taʼlim, davlat xizmatini rivojlantirish sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida deklaratsiyalar ham imzolandi.

Fuqarolik aviatsiyasi, korrupsiyaga qarshi kurashish, sudyalarning malakasini oshirish, fransuz tilini oʻqitish va boshqa yoʻnalishlarda hujjatlar qabul qilindi.

Umumiy qiymati 6 milliard yevrodan ziyod boʻlgan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlik loyihalarini amalga oshirish yuzasidan ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi.

Tashrif dasturidagi tadbirlar yakunlangach, “Parij-Orli” aeroportida oliy martabali mehmonni Fransiya hukumatining rasmiy shaxslari kuzatib qoʻydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga ikki kunlik rasmiy tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.