Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHga amaliy tashrifining tadbirlarga gʻoyat boy dasturi yakuniga yetdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumsiyosiy munozaralarida nutq soʻzlab, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga alohida toʻxtaldi hamda global va mintaqaviy kun tartibining eng dolzarb masalalari yechimiga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qoʻshma Shtatlari yetakchilarining “S5+1” formatidagi birinchi sammiti boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qoʻshma Shtatlar Prezidenti Jozef Bayden ikki tomonlama uchrashuvda davlatlararo va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini koʻrib chiqdilar.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel, Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol, Pokiston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Anvar Kakar, shuningdek, nufuzli xalqaro tuzilmalar rahbarlari – BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Xalqaro valyuta fondi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva, Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala, Jahon banki guruhi prezidenti Adjay Banga, FIFA prezidenti Janni Infantino bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi ham voqealarga boy boʻldi. Oʻzbekiston yetakchisi AQSH biznesi vakillarining Oʻzbekiston-Amerika savdo palatasi raisi Kerolin Lemm boshchiligidagi delegatsiyasi hamda yirik transmilliy kompaniya va korporatsiyalar — “Air Products”, “Citigroup”, “SNH”, “Boston Consulting Group”, “GE HealthCare”, “Oppenheimer”, “Cerberus”, “Cintana” rahbarlari bilan uchrashdi.
Tashrif dasturidagi tadbirlar yakunlangach, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga joʻnab ketdi.