Oʻzbekiston Prezidentining Qozogʻiston Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

0
137
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 noyabr kuni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Muloqot avvalida davlat rahbarlari qardosh mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdilar. 

Aloqalar barcha daraja va yoʻnalishlarda faollashgani koʻp qirrali Oʻzbekiston – Qozogʻiston hamkorligini yanada rivojlantirishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi. 

Oʻzaro savdo hajmi ortib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, xususan, hududlar va ishbilarmon doiralar oʻrtasida kooperatsiya kengayib bormoqda. Joriy yil 15 noyabr kuni Chimkent shahrida ikki mamlakat chegaraoldi hududlari maʼmuriyatlari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirokida birinchi hududlararo hamkorlik forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili doirasida ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashuv dasturi sermazmun boʻlgani qayd etildi. Yil boshidan buyon jami 50 dan ortiq qoʻshma tadbir oʻtkazilgani buning tasdigʻidir.

Muloqot davomida davlat rahbarlari oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasidagi hamkorlik istiqbollarini, shuningdek, boʻlajak tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar, jumladan, 2019 yilda mamlakatimizda oʻtkaziladigan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ishlari xususida fikr almashildi.

Muloqot soʻngida davlat rahbarlari keng koʻlamli hamkorlikni bundan buyon ham faol rivojlantirish, qardosh Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqlari manfaatini, mintaqada barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash yoʻlida koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnilik va ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga intilishi qatʼiy ekanini taʼkidladilar.


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.