Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan 2018 yil 15 mart kuni amaliy tashrif bilan Ostona shahriga boradi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Tashrif doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining keng koʻlamli kun tartibiga ega birinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etadi. Ushbu uchrashuvni oʻtkazish taklifi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 2017 yil sentyabr oyida oʻtgan 72-sessiyasida ilgari surilgan hamda Samarqand shahrida boʻlgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada yaxlit dastur darajasigacha rivojlantirilgan edi.
Oʻzbekistonning ushbu tashabbusi mintaqaning barcha mamlakatlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, Qozogʻiston oliy darajadagi birinchi uchrashuvni Ostonada oʻtkazishni taklif etgandi.
Davlatimiz rahbari shu kuni Qozogʻistonda Oʻzbekiston yilining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etadi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuvi ham rejalashtirilgan.