Oʻzbekiston Prezidentining Rossiya, Turkmaniston, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Turkiya Prezidentlari bilan telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

0
177
marta koʻrilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 iyul kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Xorijiy davlatlar rahbarlari Oʻzbekiston Prezidentini tugʻilgan kuni bilan samimiy tabriklab, koʻp millatli xalqimizga tinchlik,  taraqqqiyot va farovonlik tiladilar.

Muloqotlar chogʻida mamlakatimizda davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, ijtimoiy sohani isloh etish va iqtisodiyotni liberallashtirish, qonun ustuvorligini, xavfsizlik va millatlararo totuvlikni taʼminlash borasida sifat jihatidan yangi bosqichda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar Oʻzbekistonning har tomonlama va jadal rivojlanishiga, aholi turmush darajasi va sifatining muttasil oshib borishiga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yuritayotgan vazmin va konstruktiv tashqi siyosatga, davlatimiz rahbarining xorijiy sheriklar bilan oʻzaro manfaatli va samarali hamkorlikni yanada mustahkamlashga, shuningdek, mintaqamiz va global miqyosda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan xalqaro va mintaqaviy tashabbuslariga yuksak baho berildi.

Joriy yil 22 iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyoda mintaqaviy va xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha maxsus rezolyusiyasi qabul qilingani mintaqada doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ishonch muhitini shakllantirish hamda mustahkamlashga qaratilgan amaliy saʼy-harakatlar xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilib, keng qoʻllab-quvvatlanayotganidan dalolat berishi taʼkidlandi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb jihatlari va xalqaro siyosatga oid masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan muloqotda Oʻzbekiston – Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.

Oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yirik investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Rossiya Prezidentini futbol boʻyicha 2018 yilgi Jahon chempionati yuksak darajada oʻtkazilgani va unda Rossiya terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etgani bilan samimiy tabrikladi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqotda oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuvlar yakunida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni keng koʻlamda amalga oshirish muhim ekani qayd etildi.

Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, avvalo, savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport va tranzit, energetika sohalaridagi aniq loyihalarni amalga oshirish hamda madaniy-gumanitar almashuvni kengaytirish borasida tomonlarning intilishi qatʼiy ekani taʼkidlandi.

Mazkur yoʻnalishdagi oʻzaro hamkorlikning aniq jihatlari shu kunning birinchi yarmida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi oʻrinbosari Esenmirat Orazgeldiyev bilan uchrashuvida muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan muloqotda qardosh mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini mustahkamlashga, strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshayotgan shaxsiy hissasi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Oʻzaro savdo hajmining jadal ortib borayotgani, qoʻshma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, transport qatnovi kengayib, mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari va hududlari oʻrtasida faol aloqalar rivojlanayotgani, Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili ma daniy-gumanitar va ishbilarmonlik tadbirlariga boy oʻtayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan muloqotda Tojikiston rahbarining Oʻzbekistonga ilk davlat tashrifiga tayyorgarlik koʻrish hamda boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlar dasturini aniq mazmun, jumladan, oʻzaro manfaatli loyihalar bilan boyitish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalariga asoslangan Oʻzbekiston – Tojikiston munosabatlarini yanada mustahkamlash yoʻlida barcha imkoniyatlarni ishga solishga, qoʻshma biznes tashabbuslari va hududlararo aloqalarni qoʻllab-quvvatlashga, madaniy-gumanitar almashinuvlarni har tomonlama faollashtirishga kelishib oldilar.

Davlatimiz rahbari Qirgʻiziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan uzoq muddatli hamkorlikning aniq yoʻnalishlarini muhokama qildi. Joriy yil mart oyida Fargʻona shahrida ikki mamlakat Bosh vazirlari raisligida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston va Qirgʻiziston chegaraoldi hududlari rahbarlari kengashi birinchi majlisining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tomonlar keng koʻlamli hamkorlikni, jumladan, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, energetika va boshqa sohalardagi sheriklikni rivojlantirishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻon bilan telefon orqali muloqotda Turkiya rahbarining joriy yil aprel oyining oxiri – may oyining boshida Oʻzbekistonga davlat tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Turkiyaning yetakchi kompaniyalari va banklari ishtirokida mamlakatimizda yuqori texnologik ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, energetika, transport-kommunikatsiya va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish boʻyicha investitsiya loyihalarini roʻyobga chiqarishga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xorijiy davlatlar rahbarlariga samimiy tabrik uchun minnatdorlik bildirib, oʻz navbatida, doʻst mamlakatlar – Rossiya, Turkmaniston, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Turkiya xalqlariga tinchlik, barqarorlik va farovonlik tiladi.

Oʻzbekiston Prezidenti nomiga koʻplab davlat va hukumat rahbarlari, taniqli, siyosiy arboblardan qutlovlar kelmoqda: 

– Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin;

– Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In;

– Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev;

– Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko;

– Armaniston Respublikasi Prezidenti Armen Sarkisyan;

– Ukraina Prezidenti Pyotr Poroshenko;

– Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Natx Kovind;

– Indoneziya Respublikasi Prezidenti Joko Vidodo;

– Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko;

– Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Dmitriy Medvedev;

– Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan;

– Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri oʻrinbosari shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon;

– Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri oʻrinbosari, Prezident ishlari boʻyicha vazir Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon;

– MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev;

– Xalqaro aviatsiya qoʻmitasi raisi Tatyana Anodina;

– Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik boʻyicha delegatsiyasi raisi Iveta Grigule-Peterse.

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.

GUJUM.UZ sayti tahririyati ham muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni tavallud ayyomlari bilan muborakbod etadi.
 


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.