Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan 2018 yil 9-10 mart kunlari davlat tashrifi bilan Tojikistonda boʻladi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Oliy darajadagi muzokaralarda ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, transport-kommunikatsiya, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning oʻzaro tashriflarini osonlashtirish masalalari muhokama qilinadi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashiladi.
Muzokaralar yakunlari boʻyicha Prezidentlarning Qoʻshma bayonoti, Oʻzbekiston — Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari toʻgʻrisida shartnoma, Fuqarolarning oʻzaro qatnovi toʻgʻrisidagi bitim, shuningdek, turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan jami 25dan ortiq hujjat imzolanishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, tashrif doirasida oʻtkaziladigan biznes-forum va Oʻzbekiston milliy sanoat koʻrgazmasida tijorat shartnomalari va iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi kooperatsiyaga oid bitimlar imzolanishi koʻzda tutilgan. Ikki mamlakat sanʼat ustalari ishtirokida konsert tashkil etilishi ham moʻljallangan.