Oʻzbekiston Prezidentining Turkiyaga davlat tashrifi samarali boʻldi

0
135
marta koʻrilgan.

Avval xabar qilinganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻonning taklifiga binoan 2017 yil 25-26 oktyabr kunlari davlat tashrifi bilan Turkiyada boʻldi, deya xabar bermoqda Prezident.uz saytida.  

Davlat rahbarlarining muzokaralari 25 oktyabr kuni Anqara shahrida boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, transport, logistika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi. 

Muzokaralar yakunida Prezidentlar ikki mamlakat hamkorligini yangi, strategik bosqichga koʻtarishga zamin yaratadigan Qoʻshma bayonotni imzoladi. 

Shuningdek, iqtisodiyot, savdo-sotiq, sanoat, bank-moliya, investitsiya, turizm, transport-logistika, sogʻliqni saqlash, kadrlar tayyorlash, mudofaa va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir 20 dan ziyod hujjat qabul qilindi. 

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Rejep Tayyip Erdoʻgʻon muzokaralar samarali boʻlgani, erishilgan kelishuvlar hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishini taʼkidladilar. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 oktyabr kuni Turkiya Buyuk millat majlisiga tashrif buyurdi. 

Buyuk millat majlisi Turkiya Respublikasining oliy qonun chiqaruvchi organidir. Unga 1920 yil 23 aprel kuni asos solingan. Bugungi kunda toʻrt partiya Majlisda oʻz fraksiyasiga ega. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya Buyuk millat majlisi Spikeri Ismoil Qahramon bilan uchrashdi. 

Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlarining muzokaralarida parlamentlararo hamkorlikni tashriflar almashinuvi va qoʻshma tadbirlar oʻtkazish orqali qoʻllab-quvvatlash muhimligi qayd etilgan edi. Turkiya parlamentidagi muloqotda mazkur yoʻnalishdagi aloqalarni mustahkamlash, parlamentlar faoliyati va parlament nazorati shakllari boʻyicha tajriba almashish masalalariga eʼtibor qaratildi. 

Buyuk millat majlisi Spikeri Oʻzbekistonda demokratiyani mustahkamlash, davlat va jamiyat hayotida parlament rolini oshirish borasidagi islohotlarni yuqori baholadi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi. 

Prezidentimiz Buyuk millat majlisi faoliyati bilan tanishdi. 

Shavkat Mirziyoyev kunning ikkinchi yarmida Istanbul shahriga tashrif buyurdi. 

Davlatimiz rahbari Turkiya Respublikasi Bosh vaziri Binali Yildirimni qabul qildi. 

Uchrashuvda Anqarada boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muzokaralarda hamkorlikning bugungi holati xolisona baholanib, uni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olingani taʼkidlandi. Mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo, sanoat, bank-moliya, investitsiya, turizm, yuk tashish, sogʻliqni saqlash, kadrlar tayyorlash, mudofaa va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir koʻplab hujjatlar imzolangani yuqori baholandi. 

Muloqotda mazkur kelishuvlarni amalga oshirish, ikki mamlakat vazirlik va idoralari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirishning muhim yoʻnalishlariga eʼtibor qaratildi. Tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashildi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Bosh vaziri Binali Yildirim ishtirokida ikki mamlakat moliya va ishbilarmon doiralari uchrashuvi boʻlib oʻtdi. 

Uchrashuvda oliy darajadagi muloqotlar samarasida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida imzolangan hujjatlar ulkan ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Shuningdek, 26 oktyabr kuni Istanbulda oʻtkazilgan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari biznes forumida yirik energetika obyektlari va yoʻl infratuzilmalarini qurish, toʻqimachilik mahsulotlari, elektr jihozlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat va agrosanoat tarmogʻida zamonaviy sanoat va logistika markazlari tashkil etish sohalarida 3,5 milliard dollar hajmidagi 30 dan ortiq loyiha boʻyicha bitimlar imzolangani taʼkidlandi. 

Prezidentimiz yaqin yillarda Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 3-4 milliard dollarga yetkazish boʻyicha kelishuvga erishilgani, bu ikki mamlakat ishbilarmonlari uchun keng imkoniyatlar yaratishini taʼkidladi. 

Shavkat Mirziyoyev Turkiya kompaniyalari rahbarlarining Oʻzbekistonda biznes yuritish borasidagi fikrlari bilan qiziqdi. 

Turkiyalik ishbilarmonlar Prezidentimiz rahbarligida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholadi. Valyuta bozori erkinlashtirilgani, viza olish tartibi soddalashtirilgani oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish uchun qulayliklar yaratgani taʼkidlandi. 

Investorlar va yirik kompaniyalar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarga qulay sharoit yaratilayotgani, mamlakatimizda Turkiya biznes markazi tashkil etilishi maʼlum qilindi. 

Ochiq va amaliy ruhda oʻtgan muloqotda Oʻzbekiston va Turkiyaning moliya tashkilotlari, firma va kompaniyalari oʻrtasida aloqalarni yanada rivojlantirish, oʻzaro mahsulot yetkazib berish va xizmat koʻrsatishni kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi, tomonlarni qiziqtirgan aniq loyihalar muhokama qilindi. 

Uchrashuvda ikki mamlakat kompaniyalari oʻrtasida qator hujjatlar imzolandi. 

 

Davlatimiz rahbari tashrif dasturi doirasida Istanbul shahridagi mashhur Topkapi saroyini borib koʻrdi. XV asrda qurilgan va keyinchalik muzeyga aylantirilgan mazkur saroy tarixi, bu yerdagi qadimiy eksponatlar bilan tanishdi. 

Shuning bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga davlat tashrifi nihoyasiga yetdi. Tashrif davomidagi uchrashuv va muzokaralar Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi hamkorlikning muhim istiqbollarini belgilab berdi. Imzolangan hujjatlar va erishilgan kelishuvlar ikki davlat munosabatlari va qardosh xalqlar doʻstligini har tomonlama mustahkamlashga xizmat qiladi. 

 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.