Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Bahrom Abduhalimov Toshkent shahridagi 405-saylov uchastkasida ovoz berdi.
Yurtimizda demokratik tamoyillar asosida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni qonunchilik yoʻli bilan muvofiqlashtirish, aholining turmush sifati va darajasini yanada oshirishga qaratilgan islohotlar oʻz samarasini bermoqda. Qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni taʼminlash, iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash orqali sohaga innovatsiyalarni joriy qilish, kadrlarni maqsadli tayyorlash, ilm-fanni rivojlantirish, fuqarolik jamiyati institutlarining rolini yanada oshirish borasida olib borilayotgan ishlar dunyo miqyosida eʼtirof etilmoqda.
Milliy qonunchiligimizda xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekani aks etgan. Fuqarolarning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekani Konstitutsiyamizda mustahkamlab qoʻyilgan. Zero, saylovlar kuchli fuqarolik jamiyatiga asoslangan demokratik huquqiy davlatning ajralmas belgisi, xalqning oʻz xohish-irodasi erkin ifodalanishi, jamiyat va davlatni boshqarishda fuqarolar ishtirokining asosiy shaklidir. Yurtimiz kelajagi, uning yanada taraqqiy topishi saylovlarning eng yuksak demokratik talablar va umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga mos, Bosh qomusimizda mustahkamlangan qoidalar asosida oʻtishiga, saylovchilarning faolligi va ular qabul qiladigan qarorga bogʻliq.
Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 405-saylov uchastkasida ertalabdan ovoz berish jarayoni uyushqoqlik bilan boshlandi. Ushbu saylov uchastkasida 2 ming 666 nafar saylovchi roʻyxatga olingan. Ular orasida ilk bor ovoz berishga qatnashayotgan saylovchilar 18 nafarni tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi milliy qonunchiligimiz va xalqaro meʼyorlarga toʻla mos holda, oshkoralik, tenglik asosida oʻtmoqda. Unda saylovchilar oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etib, xalqimiz farovonligi, farzandlari kelajagi uchun ovoz beryapti.
Nasiba ZIYODULLAYEVA, OʻzA