Oʻzbekiston Qahramoni Lola Murodova vafoti munosabati bilan hamdardlik

0
354
marta koʻrilgan.

Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi ogʻir judolikka uchradi.

Mashhur fermer, Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xoʻjaligi rahbari, Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi, taniqli jamoat arbobi Lola Murodova ogʻir kasallikdan soʻng shu yil 30 may kuni 64 yoshida vafot etdi.

Butun mamlakatimizning gʻurur va iftixori boʻlgan Lolaxon Murodova 1958 yil 9 martda Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatganidan soʻng mehnat faoliyatini Oltiariq tumanidagi “Nurobod” jamoa xoʻjaligida mexanizator sifatida boshladi, oʻz hayotini mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmogʻi boʻlgan qishloq xoʻjaligi bilan bogʻladi.

Yoshlik yillaridan boshlab dehqonchilik ilmini puxta oʻrgangan L.Murodova jamoa xoʻjaligida bosh pudratchi, boʻlim boshligʻi, xoʻjalik raisi kabi lavozimlarda fidokorona mehnat qilib, ishni tashkil etish, moʻl hosil yetishtirish, xoʻjalikni samarali boshqarish sohasida katta tajriba orttirdi.

Fermerlik harakatiga keng yoʻl ochilishi bilan mohir va mirishkor dehqon mamlakatimizda birinchilardan boʻlib “Nurli obod” fermer xoʻjaligiga asos soldi hamda yerning haqiqiy egasi sifatida yurtimizda fermerlik harakatini rivojlantirish va uni yangi bosqichga koʻtarishga katta hissa qoʻshdi.

Oʻz faoliyatida doimo yangilikka intilib, ezgu tashabbuslari bilan barcha fermerlarga, ayniqsa, yoshlarga ibrat boʻlib yashagan L.Murodova Yangi Oʻzbekiston sharoitida alohida jonbozlik va gʻayrat-shijoat koʻrsatib ishladi. Qishloq xoʻjaligi sohasida ilgʻor agrotexnologiyalarni, boshqaruvning zamonaviy usullari va samarali vositalarini qoʻllash, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, yosh fermerlar avlodini tarbiyalashda oʻziga xos tajriba maktabini yaratdi.

U oʻz faoliyati bilan Vatanga muhabbat va sadoqatning, kasbiga fidoyilikning haqiqiy namunasini namoyon etdi. Aynan ana shunday olijanob fazilatlari bilan Lolaxon opa butun xalqimiz uchun oʻzbek ayolining haqiqiy timsoliga aylandi.

El-yurt ishiga umrini bagʻishlagan qahramon fermer jamoat ishlarida ham faol ishtirok etdi. Uning bu boradagi serqirra faoliyati yoshlarni, xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatish, ularni ish bilan taʼminlash, hayotda oʻz oʻrnini topishida yaqindan koʻmak berish, ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, qishloq va mahallalarni obod etish, aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ezgu ishlarida yaqqol namoyon boʻldi.

L.Murodova Xalq deputatlari Fargʻona viloyati kengashi deputati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi sifatida ham samarali ish olib borib, mamlakatimiz hududlarini rivojlantirish, amalga oshirilayotgan islohotlarni jadallashtirish boʻyicha muhim qarorlar qabul qilishda ham faollik koʻrsatdi.

Lolaxon Murodovaning mamlakatimiz va xalqimiz oldidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari hamda “Oʻzbekiston Qahramoni” oliy unvoni bilan mukofotlangan edi.

Atoqli fermer, qishloq xoʻjaligi ilmining yetuk namoyandasi, taniqli jamoat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, kamtarin va samimiy inson, xalqimizning fidoyi farzandi Lolaxon Murodovaning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,

A.Aripov, Sh.Gʻaniyev, X.Bozorov, A.Hayitov

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.