Oʻzining butun ongli hayoti va faoliyatini ona Vatanimiz ravnaqiga, mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi sohasi rivojiga bagʻishlagan fidoyi inson, Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xoʻjaligi rahbari, Oʻzbekiston Qahramoni, Oliy Majlis Senati aʼzosi, Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi deputati, taniqli jamoat arbobi Lolaxon Murodovaning bevaqt vafoti haqidagi xabar barchamizni chuqur qaygʻuga soldi.
Butun hayotini el-yurtga sidqidildan xizmat qilishga, mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi sohasini yanada yuksaltirishga bagʻishlab, oʻzining halol mehnati, gʻoyat serqirra faoliyati bilan xalqimiz oʻrtasida juda katta hurmat-eʼtibor qozongan bu fidoyi inson barchamiz uchun chinakam ibrat namunasiga aylangan edi.
Lolaxon opa dehqonchilik ilmining chuqur bilimdoni sifatida Markaziy Fargʻona hududida joylashgan qoʻriq yerlarni oʻzlashtirishda katta jonbozlik koʻrsatib, qumloq yerlarda paxta va gʻalladan yuqori hosil olishga erishdi.
U xoʻjalik raisi sifatida yangi yerlar ochish, suv chiqarish, hosildorlik salmogʻini yildan-yilga oshirish borasida koʻplab yuqori natijalarni qoʻlga kiritdi. Keyinchalik oʻzi boshchilik qilib kelgan jamoa xoʻjaligi negizida “Nurli obod” fermer xoʻjaligini tashkil etib, oʻtgan yillar mobaynida fermerlik faoliyatida ulkan yutuqlarga erishdi hamda mamlakat miqyosida eng ilgʻor va tashabbuskor fermerlardan biri sifatida dovrugʻ qozondi.
Aytish joizki, Lola Murodova yer bilan tillashgan, har bir boshoq gʻalla, har bir chanoq paxta bilan sirlashgan, ayol boshi bilan choʻllarni obod qilgan, umrini xalqimizning dasturxonini toʻkin-sochin qilishga bagʻishlagan zahmatkash va mirishkor dehqon edi.
Shu maʼnoda, Lola opa qishloq xoʻjaligi sohasida oʻz maktabini yaratgan haqiqiy oʻzbek dehqon ayoli timsoliga aylanib, davrimizning chinakam qahramoni sifatida yashadi.
Uning bosib oʻtgan sermazmun umr yoʻli haqida u hayotlik davridayoq koʻplab badiiy asarlar, film va spektakllar, dostonlar yaratildi. Bu moʻtabar ayol siymosida chinakam fidoyi va zahmatkash oʻzbek xotin-qizlarining yuksak ibrat namunasi namoyon boʻldi.
Lola Murodova davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari uchun mustaqillik yillarida “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan, 2019 yilda esa “Oʻzbekiston Qahramoni” oliy unvoniga sazovor boʻlgan edi.
U kishi Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, Oliy Majlis Senati aʼzosi sifatida respublikamizning ijtimoiy-siyosiy hayotida ham har tomonlama faol ishtirok etdi.
Ona Vatanga cheksiz sadoqat bilan, sidqidildan halol va fidokorona mehnat qilib, el-yurt oʻrtasida katta obroʻ-eʼtibor qozongan Lolaxon Murodovaning tantilik, kamtarinlik kabi olijanob fazilatlari, oʻz kasbiga tuganmas mehr-muhabbati va nurli siymosi butun xalqimizning qalbida abadiy saqlanib qoladi.
Ushbu musibatli kunda marhumning barcha oila aʼzolari va yaqinlariga hamda Fargʻona ahli faollari va keng jamoatchiligiga chuqur taʼziya bildirib, Yaratgandan ularga sabr-toqat tilaymiz.
Alloh barchamiz uchun qadrli boʻlgan Lolaxon Murodovaning oxiratini obod qilsin!
Chuqur qaygʻu bilan,
Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti