Oʻzbekiston ilm-fani ogʻir judolikka uchradi. Tibbiyot sohasidagi taniqli olima, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Malika Abdullaxoʻjayeva shu yil 26 iyunda 86 yoshida vafot etdi.
M.Abdullaxoʻjayeva 1932 yil 28 noyabrda Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida tugʻildi. 1956 yili Toshkent davlat tibbiyot instituti (hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi)ni tugatib, Rossiya Fanlar akademiyasi Miya instituti aspiranturasida tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, keyinchalik doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi koʻp yillik xizmatlari uchun 2000 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi.
M.Abdullaxoʻjayeva oʻz mehnat faoliyatini 1960 yili Toshkent davlat tibbiyot instituti assistenti sifatida boshladi. Isteʼdodli olima qariyb 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Rentgenologiya, radiologiya va onkologiya ilmiy-tadqiqot instituti (hozirgi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi) laboratoriyasi mudiri, Toshkent davlat tibbiyot institutida kafedra mudiri, Oʻzbekiston Respublikasi patologoanatomik markazi direktori kabi lavozimlarda samarali mehnat qilib, mamlakatimizda sogʻliqni saqlash sohasini rivojlantirish, tibbiyot fanining dolzarb masalalarini tadqiq etish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qoʻshdi.
Zahmatkash olimaning tibbiyot sohasining nazariy va amaliy masalalariga bagʻishlangan 300 dan ziyod ilmiy maqolalari, 20 ga yaqin kitob va monografiyalari hamda 10 ga yaqin mualliflik ishlari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi maʼlum. Ayniqsa, mamlakatimizda patologoanotomik xizmatni tashkil etish, mazkur sohadagi samarali ilmiy ishlanmalari bilan yangi va zamonaviy tibbiyot yoʻnalishlarini rivojlantirish borasida fidokorona mehnat qilib, oʻzining ilmiy izlanishlari, rahbarlik mahorati, katta bilim va tajribasi, amaliy tashabbuslari bilan keng jamoatchilik oʻrtasida yuksak hurmat va eʼtibor qozondi.
Jonkuyar ustoz sifatida koʻplab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida oʻnlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlandi.
Akademik M.Abdullaxoʻjayevaning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U Oʻzbekiston Qahramoni unvoni va “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.
Atoqli olima, mehribon ustoz, kamtarin inson Malika Abdullaxoʻjayevaning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, N.Yoʻldoshev, N.Ismoilov,
A.Aripov, B.Yoʻldoshev, A.Shodmonov
Manba: OʻzA