Oʻzbekiston Qahramoni Mavluda ISMATOVA

0
142
marta koʻrilgan.

Taniqli pedagog, Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi, Oʻzbekiston Qahramoni Mavluda Ismatova 2018 yil 11 may kuni 75 yoshida vafot etdi.

Mamlakatimiz xalq taʼlimi sohasi ogʻir judolikka uchradi. 
 
M.Ismatova 1943 yil 7 mayda Toshkent shahrida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatganidan soʻng Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi Toshkent davlat pedagogika universiteti)ning tarix-filologiya fakultetida tahsil oldi. 
 
Oʻz mehnat faoliyatini 1968 yilda Toshkent tumanidagi 26-umumiy oʻrta taʼlim maktabida boshlangʻich sinf oʻqituvchisi sifatida boshladi. 1975-1979 yillarda ushbu taʼlim maskanida ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi, oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari lavozimlarida mehnat qildi. 1983 yilda u Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi 273-umumiy oʻrta taʼlim maktabiga direktor etib tayinlandi va umrining oxiriga qadar shu dargohda samarali ish olib bordi. 
 
M.Ismatova 50 yildan ziyod pedagoglik faoliyati davomida oʻzini mohir oʻqituvchi, yoshlarning sevimli ustozi, oʻquv-tarbiya jarayonlarini ilmiy asosda tashkil etish, taʼlimni hayot va amaliyot bilan uygʻunlashtirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida katta salohiyatga ega boʻlgan bilimdon mutaxassis sifatida namoyon etdi. Ana shunday ezgu fazilatlari bilan mustaqillik yillarida mamlakatimizda taʼlim-tarbiya sohasida keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishga, yosh avlodni vatanparvarlik va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshdi.
 
Fidoyi pedagog rahbarlik qilgan maktab bir necha bor “Yilning eng yaxshi maktabi” sifatida eʼtirof etilgan boʻlib, uning pedagogik tajribasi mamlakatimiz miqyosida keng oʻrganilib, ommalashtirilgan.
 
Boy bilim va hayotiy tajribaga ega boʻlgan M.Ismatova jamoat ishlarida ham faol ishtirok etib, el-yurt oʻrtasida katta obroʻ-eʼtibor qozongan edi.
 
M.Ismatovaning koʻp yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U 1995 yilda “Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi” faxriy unvoni, 1999 yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” oliy unvoni bilan mukofotlangan edi.
 
Mohir pedagog, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Mavluda Ismatovaning xotirasi qalblarimizda doimo saqlanib qoladi.
 
Sh.Mirziyoyev, N.Yoʻldoshev, N.Ismoilov,
A.Aripov, U.Inoyatov, T.Azlarov
 
Manba: OʻzA

Gujum. uz tahririyati ham marhum Oʻzbekiston Qahramoni Mavluda Ismatovaning oila aʼzolariga, yaqinlariga, shogirdlariga hamdardlik isʼhor qiladi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.