Oʻzbekiston Qahramoni Musa Yerniyazov vafoti munosabati bilan hamdardlik

0
139
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston xalqi ogʻir judolikka uchradi. Atoqli davlat va jamoat arbobi, Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi raisi – Oʻzbekiston Respublikasi Senati Raisining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Qahramoni Musa Tajetdinovich Yerniyazov shu yil 31 iyul kuni 73 yoshida ogʻir kasallikdan soʻng vafot etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Musa Yerniyazov 1947 yil 20 dekabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kegeyli tumanida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatib, 1971 yilda Toshkent qishloq xoʻjaligini irrigatsiyalash va mexanizatsiyalash muhandislari institutini, 1986 yili Toshkent Oliy partiya maktabini tamomladi.

Mehnat faoliyatini qurilish muhandisi lavozimidan boshlab, keyinchalik Qoraqalpogʻiston Respublikasining Vazirlar Kengashida katta referent, boshqarma boshligʻi, ishlar boshqaruvchisi boʻlib ishladi.

1983-1989 yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri, Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosari – Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi, Chimboy tumani hokimi lavozimlarida samarali faoliyat koʻrsatdi.

2002 yildan hozirgi vaqtda qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari lavozimida ishladi.

Musa Tajetdinovich Yerniyazov qariyb 50 yillik mehnat faoliyati davomida oʻzining ulkan rahbarlik salohiyati, boy bilim va tajribasi, maʼnaviy fazilatlari bilan, Vatanimizga beqiyos muhabbati va sadoqati bilan haqli ravishda xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan ulugʻ inson edi.

Uning bevosita rahbarligida Qoraqalpogʻiston Respublikasini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, Orol boʻyidagi ekologik vaziyatni yaxshilash, aholining turmush darajasini oshirish boʻyicha ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari amalga oshirildi.

Qoraqalpoq diyorida keyingi yillarda yuz bergan barcha ulkan oʻzgarishlar Musa Tajetdinovich Yerniyazovning nomi va amaliy faoliyati bilan chambarchas bogʻliqdir.

U qoraqalpoq elining haqiqiy yetakchisi sifatida doimo xalqning dardu tashvishlari bilan yashadi. Ayniqsa, keksa avlod vakillari, mehribon opa-singillarimiz, aziz yoshlarimizning turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularning munosib kelajagini taʼminlash yoʻlida chinakam jonbozlik koʻrsatib sidqidildan xizmat qildi.

Musa Tajetdinovich Yerniyazov Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari sifatida mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizda parlamentarizm tizimini rivojlantirish ishiga ulkan hissa qoʻshdi, iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotimiz uchun zarur boʻlgan muhim qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yoʻlida ayniqsa  faollik koʻrsatdi.

Musa Tajetdinovich Yerniyazovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlandi. U “Mehnat shuhrati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan quruvchi” va “Oʻzbekiston qahramoni” degan yuksak unvonlar bilan mukofotlangan edi.

Xalqimizning ulugʻ farzandi, atoqli davlat va jamoat arbobi, samimiy va fidoyi inson Musa Tajetdinovich Yerniyazovning xotirasi qalblarimizda doimo saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, Q.Sariyev


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.