Oʻzbekiston-Qirgʻiziston hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari muhokama qilindi

0
84
marta koʻrilgan.

Bugun, 27 yanvar kuni Bishkekdagi “Ala-Archa” qarorgohida davlat tashrifi bilan Qirgʻizistonda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini rasman kutib olish marosimi boʻldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki mamlakatning davlat madhiyalari yangradi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov faxriy qorovul safi oldidan oʻtib, rasmiy delegatsiyalar aʼzolarini bir-biriga tanishtirdilar. Birgalikda suratga tushildi.

Shundan keyin  ushbu “Ala-Archa” davlat qarorgohida  Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov tor doirada uchrashuv oʻtkazdilar.

Davlatimiz rahbari taklif va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, keyingi ikki yilda Oʻzbekiston-Qirgʻiziston hamkorligi juda samarali rivojlanganini qayd etdi.

– Qirgʻiziston bizning muhim strategik hamkorimiz, eng yaqin qoʻshnimiz va vaqt bilan sinalgan doʻstimizdir, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tomonlar oxirgi ikki yilda oʻzaro munosabatlarni mutlaqo yangi darajaga olib chiqishga erishgani taʼkidlandi. Oʻzbekiston-Qirgʻiziston chegarasining delimitatsiyasi yakuniga yetkazilgani esa tarixiy voqea sifatida eʼtirof etildi.

Muzokaralarda ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston rahbari keyingi yillarda oʻzaro savdo hajmi yetti barobarga koʻpayganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Oʻtgan yilning oʻzida tovar ayirboshlash 30 foizga oshib, 1,3 milliard dollarga yetdi.

Ikki mamlakat hukumatlariga savdo hajmini yanada oshirish va oʻzaro mahsulot yetkazib berish nomenklaturasini kengaytirish yuzasidan birgalikda ishlash boʻyicha topshiriq berildi.

Sanoat, toʻqimachilik, energetika, kon va qishloq xoʻjaligi sohalarida yangi qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Shu maqsadda Oʻzbekiston-Qirgʻiziston taraqqiyot fondining salohiyati yanada faol ishga solinadi.

Davlat rahbarlari mintaqaviy tuzilmalar va xalqaro muloqot maydonlari doirasidagi hamkorlikni, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlik, zamonaviy xatar va tahdidlarga samarali qarshi kurashish masalalarini ham muhokama qildilar.

Tomonlar koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirishga intilishini tasdiqladilar.

Davlat rahbarlari shundan keyin  muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari aʼzolari, qator vazirlik va viloyatlari rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.

Davlatimiz rahbari yana bir bor samimiy qabul va mehmondoʻstlik uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Prezident Sadir Japarov rahbarligida Qirgʻizistonda amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar Oʻzbekistonni quvontirayotganini alohida taʼkidladi.

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oliy darajadagi muloqotlar tizimli va faol tus olgani hamkorlikni salmoqli darajada mustahkamlash, yangi oʻsish nuqtalarini aniqlash va amaliy sheriklikni kengaytirishga xizmat qildi.

Tomonlar oʻzaro strategik sheriklikni chuqurlashtirish borasida birgalikda ishlashga qatʼiy intilishini bildirdilar. Mamlakatlarimiz oʻrtasida tuzilgan Chegara toʻgʻrisidagi shartnoma qardosh xalqlarimiz tomonidan koʻtarinki ruh bilan qabul qilingani taʼkidlandi.

Muzokaralar chogʻida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻtgan yil yakuni bilan oʻzaro tovar ayirboshlash 1,3 milliard dollarga yetgani, 300 dan ziyod qoʻshma korxona tashkil etilgani taʼkidlandi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi loyihalari amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston-Qirgʻiziston taraqqiyot fondi aniq loyihalarni moliyalashtirishni boshladi.

Kuni kecha oʻtgan biznes-forum doirasida umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik salmoqli shartnomalar toʻplami imzolandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻzaro manfaatli hamkorlikning asosiy ustuvor yoʻnalishlarini qayd etdi. Bu, birinchi navbatda, oʻzaro savdo hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirishdir.

Shu maqsadda tomonlar uchinchi mamlakatlardan import oʻrnini oʻz ishlab chiqaruvchilarimizning arzon mahsulotlari bilan toʻldirish, shuningdek, ikki mamlakat poytaxtlarida savdo markazlarini tashkil etish masalalarini oʻrganishga kelishib oldilar.

Sanoat kooperatsiyasi doirasida qariyb 500 million dollarlik yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish taklif qilindi. Avtomobillar, zamonaviy maishiy texnika, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, foydali qazilmalarni birgalikda qazib olish va qayta ishlash shular jumlasidan.

Mamlakatimiz yetakchisi oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash doirasida qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashni hamkorlikning muhim yoʻnalishi sifatida qayd etdi.

Intensiv bogʻlar va issiqxona xoʻjaliklarini rivojlantirish, kartoshka, meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlarini yetkazib berish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va boshqa qoʻshma loyihalarni ishga tushirishga qaratilgan agrokooperatsiya dasturini amalga oshirish shu maqsadlarga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston Prezidenti ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi sheriklik va toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni kengaytirish muhimligini taʼkidladi.

Transport va logistika sohasidagi hamkorlik strategik ahamiyatga ega ekani qayd etildi. “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish boʻyicha ishlarni faollashtirish, “Andijon-Oʻsh-Irkishtom” avtomobil yoʻlining salohiyatini toʻliq ishga solish, shu maqsadda qoʻshma transport-logistika kompaniyasini tashkil etishga kelishib olindi.

Muzokaralarda energetika sohasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Gidroenergetikadagi loyihalarni amalga oshirish, shu jumladan Qambarota GES-1 qurilishi borasidagi birgalikdagi saʼy-harakatlarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish muhimligini koʻrsatib oʻtdi. Tarixi va dini, tili va madaniyati mushtarak boʻlgan xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan qator aniq tashabbuslar ilgari surildi.

Xususan, ulugʻ qirgʻiz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning 95 yilligini keng nishonlash, Oʻshda Bobur nomidagi Oʻzbek musiqali drama teatrining ochilishida birgalikda spektakl namoyish etish, ziyolilar va yoshlarni faol jalb qilgan holda yangi format – Avlodlar muloqotini tashkil etish, talabalar spartakiadasi, qoʻshma festival va konsertlar, ijodiy tadbirlarini oʻtkazish taklif qilindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.