Oʻzbekiston – Qirgʻiziston parlamentlararo komissiyasining ikkinchi majlisi boʻlib oʻtdi

0
153
marta koʻrilgan.
Qirgʻiziston Respublikasi Oʻsh shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirgʻiziston Respublikasi Jogorku Keneshi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha parlamentlararo komissiyaning ikkinchi majlisi boʻlib oʻtdi.
 
Parlamentlararo komissiya aʼzolari, Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning chegaradosh Andijon, Fargʻona, Namangan viloyatlari hokimlari, Oʻsh, Jalolobod, Botken oblastlari gubernatorlari (Qirgʻiziston hukumatining vakolatli vakillari), tashqi ishlar vazirliklari, har ikki davlatning elchilari ishtirok etgan yigʻilishda parlamentlararo hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.
 
Yigʻilishda ikki qoʻshni davlat oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiya va madaniy-gumanitar yoʻnalishlaridagi hamkorlikni mustahkamlash va yanada yuqori bosqichga koʻtarish, parlamentlararo komissiya imkoniyatlaridan samarali foydalanish yuzasidan fikr almashildi.
 
Soʻnggi ikki yil ichida Oʻzbekiston – Qirgʻiziston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi, hamkorlik koʻlami barcha yoʻnalishlarda kengaydi.
 
 –Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida savdo-sotiq hajmi joriy yilning oʻtgan davrida uch barobarga ortdi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining oʻrinbosari, Parlamentlararo komissiya hamraisi Sodiq Safoyev. – Ayniqsa, turizm, madaniyat, ilm-fan va boshqa qator yoʻnalishlardagi hamkorlik koʻlami tobora kengayib bormoqda. Bu, albatta, ikki xalqning doʻstligi, qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, turmush farovonligining yuksalishiga xizmat qilmoqda.
 
Umuman, Parlamentlararo komissiya yigʻilishi samarali oʻtdi, barcha masalalar boʻyicha aniq reja va chora-tadbirlar belgilab olindi.
 
Majlisda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, chegara bilan bogʻliq masalalar, shuningdek, komissiya faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash, samaradorligini oshirish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirlganligi qayd etildi.
 
– Ayni kunda Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasida chegara hududlarini belgilash masalasi boʻyicha 85 foiz kelishuvga erishilgan, – deydi Qirgʻiziston Respublikasi Jogorku Keneshi agrar siyosat, suv resurslari, ekologiya va hududiy rivojlanish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, Parlamentlararo komissiya hamraisining oʻrinbosari Almazbek Akmatov. – Bu borada nafaqat parlamentlararo, balki, hukumatlararo komissiya ham ish olib bormoqda. Yaqin vaqt ichida aniqlik kiritilishi zarur boʻlgan chegara hududlar boʻyicha ham bir toʻxtamga kelinadi.
 
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi N.Yuldashevning Qirgʻiziston Respublikasiga rejalashtirilayotgan rasmiy tashrifiga doir masala ham koʻrib chiqildi.
 
Parlamentlararo komissiyaning ikkinchi majlisida belgilangan barcha masalalar muhokama qilinib, kelgusidagi muhim vazifalar, hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi. Komissiyaning navbatdagi majlisini oʻtkazish boʻyicha maslahatlashib olindi.
 
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), OʻzA
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.