Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi xodimlariga

0
145
marta koʻrilgan.

Qadrli vatandoshlar!

Muhtaram dehqon va fermerlar, agrar soha xodimlari!

Bugungi qutlugʻ ayyom – Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan sizlarni, butun xalqimizni chin qalbimdan muborakbod etaman.

Saxovatli zaminimizda goʻzal hosil bayrami nishonlanayotgan shu fayzli damlarda yangi Oʻzbekiston ravnaqi va aholi farovonligi yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan, qadoq qoʻli va fidoyi qalbi bilan elimizning rizq-nasibasini yaratayotgan, oʻz ishining ustasi boʻlgan mohir dehqon va fermerlar, bogʻbonlar, chorvador va pillakorlar, suvchilar va irrigatorlar, agronom va mexanizatorlar, agroklasterlarning rahbarlari va ishchi-xodimlari, dehqon xoʻjaligi rahbarlari, sohaning jonkuyar olimlari hamda mutaxassislariga samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Aziz doʻstlar!

Keyingi yillarda qishloq xoʻjaligi sohasida uzoqni koʻzlagan holda amalga oshirayotgan tub islohotlarimiz tizimda salmoqli natijalarga erishishda muhim omil boʻlmoqda.

Biz bu yoʻnalishdagi ishlarimizni izchil davom ettirib, mamlakatimizda qulay agrobiznes muhitini yaratish, bu borada investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, sohani sanoatlashtirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz.

Oʻz navbatida, omilkor dehqon va fermerlarimiz eng soʻnggi ilm-fan yutuqlarini puxta oʻrgangan holda, koʻp yillik boy bilim va tajribalari bilan soha taraqqiyoti uchun azmu shijoat koʻrsatayotganini alohida taʼkidlash lozim.

Hammamizga ayonki, dehqonchilik yer yuzidagi eng sharafli, ayni vaqtda mashaqqatli kasblardan biridir. Yurtimiz qishloq xoʻjalik sohasi bu yil ham turli qiyinchiliklarga duch kelganiga barchamiz guvohmiz.

Avvalo, dunyo miqyosida davom etayotgan pandemiya taʼsiri, qolaversa, bahorda yogʻingarchilikning kam boʻlgani, yoz chillasining oʻta issiq kelishi, suv resurslarining har yilgidan sezilarli darajada tanqisligi dehqonlarimizning iroda va matonatini yana bir bor sinovdan oʻtkazdi.

Lekin mavjud muammolarga qaramasdan, barcha tarmoqlarda moʻl hosil yetishtirib, avvalgi yillarga nisbatan yuqori marralarga erishganingiz uchun siz, azizlarga har qancha tahsin aytsak, arziydi.

Bu yil respublikamiz boʻyicha 20 million tonnadan ortiq meva-sabzavot, 7,4 million tonnaga yaqin don, 3,4 million tonnadan ziyod paxta xom ashyosi, 23 ming tonna pilla, 2,6 million tonna goʻsht, 11 million tonnadan ortiq sut mahsulotlari, 8,3 milliard dona tuxum, 400 ming tonna baliq yetishtirilgani yil boʻyi tunu kun qilingan mashaqqatli mehnatning munosib samarasidir.

Bu haqda gapirganda, gʻallaning har gektaridan 95-100 sentnerdan hosil olgan Marhamat tumanidagi “Sotvoldiyev Hoshimjon”, Buvayda tumanidagi “Islomjon Shukurullo”, Ohangaron tumanidagi “Najmiddin Faxriddin fayz”, Doʻstlik tumanidagi “Farhod”, Romitan tumanidagi “Koʻhna Buxoro”, Qarshi tumanidagi “Moʻl hosil sifat”, Rishton tumanidagi “Mohinur fayzli gavhari”, Qumqoʻrgʻon tumanidagi “Padang”, Ellikqalʼa tumanidagi “Saxtiyon Azamati”, Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Shohida burguti” kabi fermer xoʻjaliklarining nomlarini mamnuniyat bilan eʼtirof etamiz.

Agrar sohaning yana bir muhim tarmogʻi – paxtachilikda olib borilayotgan islohotlar natijasida joriy mavsumda oʻtgan yilga nisbatan 422 ming tonna koʻp paxta xom ashyosi yetishtirildi. Hosildorlik esa oʻrtacha 6,3 sentnerga oshgani ayniqsa eʼtiborlidir.

Bunday ulkan xirmonni yaratishga salmoqli hissa qoʻshgan Qumqoʻrgʻon tumanidagi “Termiz Jayhun”, Doʻstlik tumanidagi “Sangzor-tekstil”, Zafarobod tumanidagi “Jizzax kenteks”, Boyovut tumanidagi “Boyovut tekstil klaster”, Qorakoʻl tumanidagi “Qorakoʻl kumush kalava”, Gʻijduvon tumanidagi “Buxoro agro klaster”, Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Namangan toʻqimachi klaster”, Paxtachi tumanidagi “Paxtachi klaster”, Oqqoʻrgʻon tumanidagi “Oqqoʻrgʻon agro klaster”, Yangiariq tumanidagi “Yangiariq teks”, Bogʻot tumanidagi “Koboteks” kabi paxta-toʻqimachilik klasterlari, shuningdek, Jarqoʻrgʻon tumanidagi “Xushboq bobo”, Sharof Rashidov tumanidagi “Norqozoq ota”, Yuqori Chirchiq tumanidagi “Tangirberdi ota”,  Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Savay koʻrki”, Peshku tumanidagi “Varaxsho nurli zamini”, Beruniy tumanidagi “Rahmatulla Chaman” fermer xoʻjaliklari hammaga namuna boʻlganini minnatdorlik bilan taʼkidlaymiz.

Qadrli yurtdoshlar!

Bugungi kuchli raqobat sharoitida qishloq xoʻjaligi tizimida ham yangicha yondashuv, innovatsiyalar va ilgʻor ishlanmalarni, intensiv va resurs tejaydigan texnologiyalarni izchil tatbiq etishni zamonning oʻzi taqozo qilmoqda.

Keyingi paytda butun dunyoda boʻlgani kabi mintaqamizda ham yuz berayotgan iqlim oʻzgarishlari, suv resurslarining tobora taqchil boʻlib borayotgani, ekologik muammolar sohada ilm-fan va ishlab chiqarish uygʻunligini taʼminlash naqadar dolzarb ekanini koʻrsatmoqda.

Ana shu omillarni hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasi sohada islohotlarni yanada chuqurlashtirish va innovatsion texnologiyalarni qoʻllash, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholiga sifatli mahsulotlar yetkazib berish, eksport geografiyasini kengaytirishdek ustuvor masalalarda dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

Qishloq xoʻjaligida bozor mexanizmlariga asoslangan, boshqaruvning mutlaqo zamonaviy shakli boʻlgan klaster tizimi joriy etilayotgani amalda oʻzini toʻla oqlamoqda. Ushbu innovatsion tizim agrar sohani rivojlantirishning muhim vositasiga, qishloq aholisining kafolatli daromad manbaiga aylanib bormoqda.

Hozirgi vaqtda yurtimizda barcha yoʻnalishlarda 651 ta agroklaster faoliyat yuritib, paxta va gʻallaning 100 foizi, meva-sabzavotning 40 foizidan ortigʻi aynan ana shunday korxonalar ulushiga toʻgʻri kelmoqda.

Agroklasterlar qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish, sohani sanoatlashtirish, mahsulotlarni chuqur qayta ishlash, pirovardida chetga xom ashyo emas, qoʻshimcha qiymatga ega tayyor mahsulot eksport qilish, bandlikni taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish kabi asosiy vazifalarni samarali amalga oshirmoqda.

Natijada birgina paxtachilikda tolani qayta ishlash koʻrsatkichi 2,5 baravarga oshdi. Hosilning 100 foizi mamlakatimizda qayta ishlanishi tufayli ip-kalava ishlab chiqarish 2 baravarga, tayyor mahsulot hajmi 3 baravarga ortdi. Bu boradagi yillik eksport miqdori qariyb 3 milliard dollarni tashkil qildi.

Yer qadrini biladigan, uning har qarichidan unumli foydalanadigan, doimo izlanib, noyob tajriba maktabi yaratgan klaster rahbarlari, fermer va dehqonlarimiz, shuningdek, meva-sabzavot, sholi, dorivor giyohlar yetishtirish, chorvachilik va boshqa sohalarda ham yuqori natijalarni qoʻlga kiritib kelayotgani gʻoyatda ahamiyatlidir.

Hurmatli soha vakillari!

Sizlarga maʼlumki, soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligi yerlarining unumdorligini oshirish, oborotdan chiqqan ekin maydonlarini qayta foydalanishga kiritish, lalmi yerlarni oʻzlashtirish ishlariga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. 2020-2021 yillarda 369 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritildi. Suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan subsidiya ajratish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, yangi issiqxonalar tashkil etish, oziq-ovqat mahsulotlari tannarxining barqarorligini taʼminlash borasidagi ishlar ham oʻzining ijobiy natijalarini bermoqda. Xususan, birgina 2021 yilning oʻzida 797 gektar maydonda qiymati 2,3 trillion soʻmlik 398 ta zamonaviy issiqxona ishga tushirilib, 11 mingdan ortiq kishining bandligi taʼminlandi.

Bularning barchasi ichki bozor ehtiyojini qondirish bilan bir qatorda, eksport imkoniyatlarini kengaytirib, qishloq joylarida koʻrkam va qulay boʻlgan savdo, logistika markazlari va qayta ishlash korxonalarini rivojlantirmoqda Xorijiy mamlakatlar bozorlariga yangi istiqbolli yoʻnalishlar ochilib, qariyb 1,5 million tonna meva-sabzavot mahsulotlari 65 ta davlatga eksport qilindi.

Bu oʻrinda, eksport koʻrsatkichlarida oʻtgan yilga nisbatan dukkakli mahsulotlar 122 foizga, uzum mahsulotlari 142 foizga, sabzavotlar 103 foizga hamda yongʻoq mahsulotlari 1,8 barobarga oʻsganini alohida qayd etish lozim.

Ayni paytda, yangi loyihalar ustida ishlash, bozor mexanizmlari tamoyillarini keng joriy etgan holda mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, xizmat koʻrsatish turlarini koʻpaytirish va sifatini yanada yaxshilash, malakali mutaxassislarni tayyorlash masalalari diqqatimiz markazida boʻlishi lozim. Ana shu talab va mezonlardan kelib chiqqan holda, sohada keng koʻlamli islohotlarni joriy etish rejalashtirilmoqda.

Jumladan, mahsulot yetishtirish tannarxini 30-35 foizga qisqartirish, yer unumdorligini oshirish, dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravarga koʻpaytirish, eksportbop mahsulotlar yetishtirishni qoʻllab-quvvatlash hamda meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, agrosanoat korxonalarini xom ashyo bilan taʼminlash va ishlab chiqarish hajmini keskin oʻstirish, chorvachilik tarmoqlari faoliyatini takomillashtirish, suv xoʻjaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqarish tizimiga oʻtish kelgusida oʻzining ijobiy samarasini koʻrsatadi, albatta.

Oldimizda turgan bunday masʼuliyatli vazifalarni bajarishda barchangiz yelkama-yelka turib, bir tanu bir jon boʻlib, bor malaka va tajribangizni, kuch-gʻayrat va salohiyatingizni safarbar etishingizga ishonaman.

Muhtaram doʻstlarim, qadrdonlarim!

Mir Alisher Navoiy hazratlarining bobodehqonlarni ulugʻlab, ular yerga urugʻ sochib, el-yurt uchun rizq yoʻlini ochadilar, deb aytgan soʻzlarida teran hayotiy maʼno borligini hammamiz yaxshi bilamiz.

Sizlarni ushbu fayzli va shukuhli ayyom bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.

Kirib kelayotgan yangi – 2022 yilda hosilimiz yanada moʻl boʻlsin!

Xalqimiz, elimiz dasturxonidan toʻkin-sochinlik hech qachon arimasin!

Umringizdan, mehnatingizdan baraka toping, tanti va bagʻrikeng, yaratuvchan va ona zaminni sevib ardoqlaydigan azizlarim!

Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.