Qadrli yurtdoshlar!
Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha xodimlari!
Muhtaram faxriylar!
Mehnat mavsumi oxirlab, sohadagi ishlar sarhisob qilinayotgan mana shu qutlugʻ damlarda siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi kasb bayramingiz – Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu shukuhli ayyomda, avvalo, halol peshona teri, fidokorona mehnati bilan yerdan noz-neʼmat undirib, hayotimizga qut-baraka, fayzu quvonch olib kiradigan mirishkor dehqonlarimiz, barcha soha xodimlariga eng ezgu tilaklarimizni bildiramiz.
Biz sizlarning timsolingizda har qanday murakkab sharoitda ham oʻz kasbi va burchiga sodiq qolib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan zahmatkash, mard va olijanob insonlarni koʻramiz.
Ayniqsa, butun dunyoda iqlim oʻzgarib, yer va suv resurslari borasida ham turli muammolar koʻpayib borayotgan hozirgi vaqtda haqiqiy matonat va jasorat, omilkorlik fazilatlarini namoyon etib, barcha qishloq xoʻjaligi ekinlaridan moʻl hosil yetishtirib kelayotganingiz yuksak tahsin va tasannolarga munosibdir.
Shu maʼnoda, bozor va doʻkonlarimizdagi toʻkinlik va arzonchilik, shahar va qishloqlarimiz, xonadonlarimiz obodligida sizlarning hissangiz beqiyos, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Aziz doʻstlar!
Keyingi yillarda mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlar qatori qishloq xoʻjaligida ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda inson qadri va manfaatlarini taʼminlash ustuvor vazifa sifatida birinchi oʻringa qoʻyilmoqda.
Bu haqda soʻz yuritganda, boshoqli don yetishtirish va xarid qilishning yangi tizimi joriy etilib, dehqonlarimizning omborlari donga, roʻzgʻori qut-barakaga toʻlayotgani, agrar sohani moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida xalqaro imtiyozli kreditlar ajratilgani, mahsulot yetishtirish, sugʻorish, urugʻ va koʻchat sotib olish bilan bogʻliq xarajatlar subsidiya hisobidan qoplab berilayotganini taʼkidlash lozim.
Oʻzbek paxtasiga joriy etilgan boykot bekor qilinib, toʻqimachilik sohasidagi yirik brendlar mamlakatimiz paxta bozoriga qaytmoqda.
Dehqon xoʻjaliklarini rivojlantirish uchun joriy yilda 100 ming gektar paxta va gʻalla maydonlari qisqartirilib, ochiq elektron auksion orqali aholiga tarqatildi. Buning hisobidan 420 mingdan ortiq yangi xoʻjalik tashkil etilib, 1 million 200 ming dan ortiq doimiy va mavsumiy ish oʻrinlari yaratilgani ayniqsa muhim ahamiyatga ega.
Hech shubhasiz, dunyoda oziq-ovqat taqchilligi tobora ortib, mintaqamizda choʻllashish jarayoni kuchayib borayotgani qishloq xoʻjaligi xodimlari oldiga ham dolzarb vazifalar qoʻymoqda.
Biz sohani barqaror rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida agrar tarmoqda boshlagan islohotlarimizni izchil davom ettiramiz. Xususan, qishloq xoʻjaligida suv taʼminotini yaxshilash, suv xoʻjaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish boʻyicha yirik loyihalarni boshlaymiz.
Paxtachilik va gʻallachilikda bozor tamoyillarini keng joriy etish, ilmiy asosda mahsulot yetishtirish, fermer va dehqonlar manfaatdorligini oshirish choralari kuchaytiriladi.
Shu bilan birga, mahalliy sharoitga mos, arzon qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqarish, ularni fermer va dehqonlarimizga imtiyozli shartlarda yetkazib berish, subsidiyalar ajratish va qoʻshimcha moliyalashtirish imkoniyatlari kengaytiriladi. Qishloq xoʻjaligida xizmat koʻrsatish sifati va darajasini oshirish, amaliyot va ilm-fan integratsiyasini mustahkamlash masalalari ham eʼtiborimiz markazida boʻladi.
Mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish, bandlikni taʼminlash maqsadida boshlangan ijobiy tajriba davom ettirilib, dehqon xoʻjaliklari tashkil etish uchun qoʻshimcha 100 ming gektardan ortiq yer aholiga tarqatiladi.
Qadrli yurtdoshlar!
Mana shu quvonchli ayyomda oʻzining fidokorona mehnati, boy bilim va tajribasi bilan mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi rivojini yangi bosqichga olib chiqishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan dehqon va fermerlarimiz, agroklasterlar rahbarlari va xodimlariga, sohada mehnat qilayotgan barcha vatandoshlarimizga oʻz nomimdan, butun xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.
Sizlarni bugungi qutlugʻ bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, ezgu faoliyatingizda ulkan yutuqlar tilayman.
Doimo mehnatingizning rohatini koʻrib yuring!
Hech qachon kam boʻlmang, azizlarim, qadrdonlarim!
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti