Qadrli yurtdoshlar!
Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha jonkuyarlari!
Jonajon diyorimizda dala ishlari, joriy mavsum yakuniga yetib borayotgan ushbu qutlugʻ ayyomda sizlarni va koʻpmillatli butun xalqimizni Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Fidokorona mehnati bilan tuproqdan noz-neʼmat undirib, xalqimiz dasturxonini toʻkin qilib kelayotgan sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir bogʻbon va chorvadorlarga, omilkor agronom va mexanizatorlar, klasterlarning tajribali rahbarlari va xodimlari, sohaning hurmatli faxriylariga oʻzimning chuqur hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Aziz doʻstlar!
Soʻnggi yillarda global iqlim oʻzgarishlari, tabiiy ofatlar, yer va suv resurslari taqchilligi qishloq xoʻjaligi sohasida ham jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Ana shunday murakkab sharoitga qaramasdan, joriy yilda sizlarning mashaqqatli mehnatingiz bilan yurtimizda 9 million tonna don, 3 million tonnadan ortiq paxta, 16 million tonnadan ziyod sabzavot va poliz, 5 million tonna meva va uzum, 4 million tonna kartoshka, 15 million tonnadan koʻp goʻsht va sut, 30 ming tonna pilla yetishtirilgani – chinakam qahramonlik namunasi, desak, har tomonlama toʻgʻri boʻladi.
Buning uchun sizlarning shaʼningizga har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi.
Albatta, bunday ulkan yutuqlarga erishishda keyingi yillarda qishloq xoʻjaligi rivojiga berilayotgan yuksak eʼtibor, tarmoqda tub tarkibiy oʻzgarishlar amalga oshirilib, ishlab chiqarish munosabatlari zamon talablari asosida yoʻlga qoʻyilayotgani hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlganini barchamiz yaxshi tushunamiz.
Ayniqsa, sohaga ilgʻor agrotexnologiyalar, ilm-fan va innovatsiya yutuqlari keng joriy etilayotgani ijobiy natija bermoqda. Bu yil 100 ming gektar maydonda kasallik va zararkunandalarga chidamli serhosil gʻoʻza navlari ekilib, ulardan moʻl hosil yetishtirilgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Gʻallachilikda resurs tejaydigan zamonaviy agrotexnologiyalarni qoʻllash natijasida oʻrtacha hosildorlik birinchi marta 85 sentnerga yetkazildi. Olti mingdan ortiq tajribali fermerlarimiz bu borada 90-100 sentnerlik marrani zabt etganlarini alohida taʼkidlash lozim.
Resurslarni tejaydigan intensiv texnologiyalar asosida 50 ming gektar maydonda sabzavot yetishtirilib, hosildorlik anʼanaviy usulga nisbatan 200-250 sentnerga oshgani, sof daromad gektaridan 6-8 ming dollarni tashkil etgani ham muhim yutuqlarimiz qatoriga kiradi.
Yil davomida qishloq xoʻjaligi subyektlariga 18 trillion soʻm imtiyozli kredit va 176 milliard soʻm subsidiya ajratilgani, umumiy qiymati 3,6 trillion soʻmlik 11 ming 600 dona yuqori unumli zamonaviy texnika va agregatlar yetkazib berilgani ham mavsumni samarali yakunlashda muhim omil boʻldi.
Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini iqlim oʻzgarishlariga moslashtirish, ularning salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida ilk bor Milliy dastur qabul qilindi. Uning ijrosini taʼminlash hamda mahsulot yetishtiruvchilarni qoʻllab-quvvatlash uchun xorijiy moliya tashkilotlaridan 160 million dollardan ortiq mablagʻlar jalb etilmoqda.
Bu yil qishloq joylarda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni saqlash va sotish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha 343 ta yangi loyiha ishga tushirilgani diqqatga sazovordir.
Shuningdek, dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish uchun 75 ming gektar yer maydonlari 180 ming nafardan ortiq ijtimoiy muhtoj aholi hamda yoshlarga boʻlib berilgani va 200 mingdan ziyod ish oʻrni yaratilgani qishloqda bandlikni taʼminlash, real daromadlarni oshirish, kambagʻallikni qisqartirishda muhim rol oʻynamoqda.
Tomorqachilikda daromadni oshirish maqsadida 5145 ta mahalla “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ixtisoslashtirildi.
Chorva naslini yaxshilash va mahsulot hajmini koʻpaytirish uchun aholiga 40 ming bosh qoramol, 82 mingta qoʻy va echki yetkazib berildi, chetdan 260 ming bosh zotdor mollar olib kelindi.
Qadrli doʻstlar!
2025 yilni mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb eʼlon qilganimiz albatta bejiz emas.
Butun taqdiri va istiqboli yer-suv resurslari bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan qishloq xoʻjaligi uchun bu qarorning ahamiyati qanchalik katta ekanini siz, azizlar ayniqsa yaxshi tushunasiz.
Hech shubhasiz, mazkur yil boʻyicha qabul qilinadigan davlat dasturi sohani barqaror rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq xoʻjaligida “yashil” texnologiyalarni qoʻllash, ekologik toza mahsulotlar yetishtirish boʻyicha yangi imkoniyatlar ochadi.
Agrar sohani ilm-fan asosida rivojlantirishni tizimli yoʻlga qoʻyish, uning barcha tarmoqlaridagi innovatsion faoliyatni integratsiyalash maqsadida kelgusi yili Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasini tashkil etamiz.
Oʻtgan yillardagi ijobiy tajriba davom ettirilib, yana 100 ming gektar yer dehqon xoʻjaliklarini tashkil etish uchun aholiga boʻlib beriladi. Paxtachilikda 40 foiz maydonda Xitoyda oʻzini oqlagan ilgʻor tajriba joriy etiladi.
Xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda koʻplab istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi.
“Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasi takomillashtirilib, mahsulot yetishtiruvchilarga “bir darcha” tamoyili asosida kompleks xizmat koʻrsatish tartibi yoʻlga qoʻyiladi.
Qishloq va mahallalarni obod qilish, ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, qishloq ahli uchun yangi ish oʻrinlari yaratish borasidagi ishlarimiz ham izchil davom ettiriladi.
Hurmatli dehqon va fermerlar, soha xodimlari!
Koʻrib turganingizdek, oldimizda ulkan vazifalar turibdi. Ularni amalga oshirishda sizlar faol ishtirok etib, oʻz kuch-gʻayratingiz, bilim va tajribangiz bilan qishloq xoʻjaligi rivojini yangi bosqichga olib chiqishga munosib hissa qoʻshasiz, deb ishonaman.
Siz, azizlarni bugungi fayzli bayram bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat, olijanob faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.
Halol mehnatingiz, azmu shijoatingiz uchun yana bir bor katta rahmat. Doimo sogʻ-omon boʻling, umringizdan baraka toping, qadrdonlarim!
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti