Qadrli vatandoshlar!
Hurmatli dehqon va fermerlar, qishloq xoʻjaligi xodimlari!
Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali oʻz hayotini qishloq xoʻjaligi sohasiga bagʻishlagan barcha zahmatkash insonlarni, butun xalqimizni qutlugʻ bayram – Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Barchamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi oʻta murakkab iqlim sharoitida koʻplab sinov va qiyinchiliklarga qaramasdan, yerdan moʻl hosil yetishtirish – bu chinakam jasorat va matonat namunasidir.
Xalqimiz sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir suvchi va irrigatorlar, oʻz ishining haqiqiy ustasi boʻlgan mexanizator va agronomlar, tajribali chorvador va pillakorlar, jonkuyar olim va tadqiqotchilar, klaster xodimlari timsolida ana shunday fidoyi insonlarni koʻradi va el-yurt dasturxonini toʻkin qilish yoʻlidagi sharafli va olijanob mehnatingizni yuksak qadrlaydi.
Aynan sizlarning saʼy-harakatlaringiz bilan qadimiy anʼanalarga ega boʻlgan oʻzbek dehqonchilik maktabi rivojlanmoqda, agrar soha taraqqiyoti yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Buning tasdigʻini bu yil mamlakatimizda ilk bor 8 million 200 ming tonna gʻalla, 3 million 800 ming tonna paxta, 15 million tonnadan ortiq sabzavot va poliz, 5 million tonna meva va uzum, 4 million tonna kartoshka, 26 ming tonna pilla yetishtirilgani misolida yaqqol koʻrish mumkin.
Ana shunday fidokorona mehnat va ulkan natijalar uchun sizlarga el-yurtimiz nomidan har qancha tahsin va tasannolar aytsak arziydi, albatta.
Aziz doʻstlar!
Xabaringiz bor, keyingi yillarda qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarimizda asosiy eʼtiborni suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni faol joriy etish, xoʻjalik va korxonalarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, eng muhimi, dehqon va fermerlarning ogʻirini yengil qilishga qaratmoqdamiz. Shu maqsadda 800 dan ziyod agroklasterlar tashkil etildi. Bugungi kunda paxta va gʻallaning 100 foizi, meva-sabzavot mahsulotlarining 60 foizdan ortigʻi aynan ular tomonidan yetishtirilmoqda.
Bu yil dala mehnatkashlariga 10 ming 500 dan ortiq yuqori unumli texnika va agregatlar yetkazib berildi. Sohaga raqamlashtirish jarayonlari, tomchilatib sugʻorish texnologiyalari, innovatsiyalar jadal kirib bormoqda.
Choʻllanish, yerlarning shoʻrlanishi va degradatsiyasiga qarshi kurashish, tuproq unumdorligini oshirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Hozirgi kungacha 500 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etilib, 3 milliard kub metr suv iqtisod qilingani va qariyb 1 million gektar yerning suv taʼminoti yaxshilangani ana shunday saʼy-harakatlarimiz natijasidir. Joriy yilda qoʻshimcha ravishda 100 ming gektar yer foydalanishga kiritilib, oziq-ovqat ekinlari ekilgani, mevali bogʻ va tokzorlar barpo etilgani yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Sohadagi ana shunday oʻzgarishlar jarayonida aholi daromadlarini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda oxirgi ikki yilda 200 ming gektar paxta va gʻalla maydonlari qisqartirilib, 670 ming nafar yurtdoshimizga tanlov asosida berildi. Natijada 2 milliondan ortiq doimiy va mavsumiy ish oʻrinlari yaratilib, qoʻshimcha 3 million tonna mahsulot yetishtirildi.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida barcha sohalar qatori qishloq xoʻjaligi boʻyicha ham muhim vazifalarni belgilab oldik. Jumladan, resurslarni tejaydigan innovatsion texnologiyalar asosida mahsulot tannarxini 30-35 foizga tushirish, suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan maydonlarni 1 million 500 ming gektarga yetkazish, sifatli va serhosil navlarni, zotdor chorva naslini koʻpaytirishga, ekologik toza mahsulotlar yetishtirishga ustuvor ahamiyat beriladi.
Biz ana shunday masʼuliyatli vazifalarni amalga oshirishda sizlar kabi katta bilim va tajribaga ega, mirishkor va omilkor insonlarga tayanamiz.
Oʻz navbatida, davlatimiz va jamiyatimiz sohani yanada ravnaq toptirish, sizlarning sharafli mehnatingizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, qishloq ahlining hayotini obod va farovon qilish uchun bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etadi.
Siz, azizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor qutlab, jonajon yurtimizning iqtisodiy salohiyatini oshirish yoʻlidagi ezgu faoliyatingizda ulkan yutuqlar tilayman.
Xonadonlaringizni xursandchilik, tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka hech qachon tark etmasin!
Doimo sogʻ-omon boʻling, azizlar!
Shavkat MIRZIYOYEV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti