Hurmatli doʻstlar!
Avvalo, oʻz hayotini dunyodagi eng sharafli kasblardan biri boʻlgan qurilish sohasiga bagʻishlagan siz, azizlarni qutlugʻ kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga oʻzimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Hech shubhasiz, bugun biz koʻp millatli xalqimiz bilan birgalikda barpo etayotgan Yangi Oʻzbekistonda yuz berayotgan eng muhim oʻzgarishlar haqida soʻz yuritganda, barcha mintaqa va hududlarimizni qamrab olgan keng koʻlamli qurilish va obodonlashtirish ishlari haqida alohida fikr yuritishimiz tabiiydir.
Chindan ham, soʻnggi yillarda yurtimiz ulkan qurilish va bunyodkorlik mamlakatiga aylandi. Xalqimizning koʻz oʻngida qad rostlayotgan zamonaviy turar-joylar, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish majmualari, muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl va transport tarmoqlari, taʼlim-tarbiya, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport muassasalari, bogʻ va xiyobonlar, obod shahar va qishloqlarimiz qiyofasida sizlarning beqiyos kuch-gʻayratingiz, yuksak salohiyat va mahoratingiz mujassam ekanini eʼtirof etgan holda, barchangizni yangi hayot bunyodkorlari deya eʼzozlab, fidokorona mehnatingiz uchun chin dildan tashakkur bildiramiz.
Qadrli bunyodkorlar!
Maʼlumki, hozirgi kunda qurilish sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanch tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida qurilish ishlari hajmi 2023 yilga nisbatan 10 foizdan ziyod ortib, salkam 80 trillion soʻmga yetgani, sohaning yalpi ichki mahsulotimizdagi ulushi 6 foizdan koʻproqni tashkil etayotgani buning yaqqol tasdigʻidir.
Eng asosiysi, barcha sohalar qatori qurilish tarmogʻidagi ulkan ishlarimiz ham inson qadrini ulugʻlash, uning hayotiy manfaatlarini taʼminlashga qaratilmoqda. Oʻtgan yili birgina investitsiya dasturi doirasida 2 ming 526 ta ijtimoiy va infratuzilma obyektlarida qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarilgani, “Tashabbusli byudjet” tizimi asosida mahallalarimizdagi 4 mingdan ortiq obyektda 4,5 trillion soʻmlik qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgani ham shundan dalolat beradi.
Ayniqsa, keyingi yillarda xalqimiz uchun zamonaviy uy-joylar barpo etish boʻyicha misli koʻrilmagan natijalar qoʻlga kiritilayotganini taʼkidlash lozim. Oxirgi yetti yarim yilda jami 412 mingta kvartiradan iborat yoki 26 million kvadrat metrlik qariyb 10 mingta uy-joylar barpo etilgani misolida bunga toʻla ishonch hosil qilish mumkin.
Bu ishlarimizning davomi sifatida joriy yilda 52 ta hududda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari bunyod etilmoqda. “Yangi Toshkent” va Olimpiya shaharchasi kabi mega obyektlarimizda ham bunyodkorlik ishlari yuqori surʼatlar bilan olib borilmoqda. Sohada “yashil” standartlar, energiyani tejaydigan yangi texnologiyalar, “aqlli shahar”, “aqlli uy” tamoyillari faol qoʻllanmoqda.
Qurilish sohasida birinchi marta yuqori malakali kadrlar, mustahkam materiallar, mashina va mexanizmlar bazasi hamda mezonlarni oʻzida ifoda etadigan resurslar milliy klassifikatori shakllandi, mutaxassislarni sertifikatlash tizimi joriy qilinib, Kompetensiyani rivojlantirish instituti tashkil etildi.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Qurilish sohasini bugungi shiddatli zamon talablariga mos holda rivojlantirish, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini oʻrganish va ularning ijrosi boʻyicha jamoatchilik nazoratini oʻrnatish bugungi kunda gʻoyat dolzarb ahamiyatga ega.
Shuningdek, loyiha tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, qurilish materiallari bozorini tartibga solish, raqamlashtirish ishlarini chuqurlashtirish, bino va inshootlarda qulay va ekologik xavfsiz yashash sharoitlarini yaratish, energiya samaradorligini oshirish, qurilish ishlari jarayonida xavfsizlik va taʼsirchan nazoratni taʼminlash boʻyicha oldimizda katta vazifalar turganini siz – sohada katta bilim va tajribaga ega boʻlgan ishchi va quruvchi, meʼmor
va muhandislar, olim va mutaxassislar yaxshi bilasiz.
Ishonchim komil, sizlar ana shunday murakkab va masʼuliyatli vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishda yanada jonbozlik koʻrsatib, qurilish sohasi ravnaqini yangi bosqichga olib chiqasizlar.
Albatta, soha vakillarining mashaqqatli mehnatini ragʻbatlantirish, ish va turmush sharoitlarini yaxshilash masalalariga biz bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratamiz.
Siz, azizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, tuganmas kuch-gʻayrat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka tilayman.
Jonajon Vatanimizni har tomonlama goʻzal va obod etishda sizlarga yangi zafar va omadlar yor boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti