Oʻzbekiston quruvchilariga bayram tabrigi

0
115
marta koʻrilgan.

Qadrli quruvchi bunyodkorlar!

Avvalo, siz, azizlarni qutlugʻ kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga samimiy hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

El-yurtimiz sizlar kabi ming-minglab mohir quruvchi va muhandislar, usta va meʼmorlarni, loyihachi va pudratchi tashkilotlar vakillarini Yangi Oʻzbekiston ravnaqiga munosib hissa qoʻshayotgan fidoyi insonlar deb biladi.

Sizlarning olijanob mehnatingiz bilan barpo etilayotgan yangi-yangi turar-joylar, ishlab chiqarish obyektlari, yoʻl va kommunikatsiya tarmoqlari, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport maskanlari mamlakatimiz qiyofasini tubdan oʻzgartirib, hayotimizning yanada obod va farovon, fayzli boʻlishiga xizmat qilmoqda. Darhaqiqat, xalq manfaatini oʻylab mustahkam va koʻrkam imoratlar qurish, ravon yoʻl va koʻpriklar bunyod etish dunyodagi eng savobli va xayrli ishlardan biridir.

Bugungi quvonchli ayyomda mana shunday ezgu faoliyatingiz uchun sizlarga har qancha tashakkur aytsak, arziydi, albatta.

Aziz yurtdoshlar!

Hozirgi kunda mamlakatimiz tom maʼnoda ulkan qurilish maydoniga aylanganiga barchamiz guvohmiz. Boshqa jabhalar qatorida qurilish tarmogʻi ham jadal rivojlanmoqda, sohaga yangi texnologiya va innovatsiyalar, eng zamonaviy meʼmoriy yechimlar faol kirib kelmoqda.

Oʻtgan yetti yil davomida yurtimizda qurilish ishlari hajmi bir necha barobar ortib, 2016 yildagi 30 trillion soʻm oʻrniga 2022 yilda 131 trillion soʻmga, joriy yilning birinchi yarmida esa 68 trillion soʻmga yetgani mamlakatimiz bunyodkorlari qisqa davrda qanday katta yoʻlni bosib oʻtganidan dalolat beradi.

Bu haqda soʻz yuritganda, soʻnggi yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 1 ming 500 dan ortiq qishloq va mahallalarda yoʻl va transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlarida ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilganini taʼkidlash lozim.

Aholimizning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, ushbu yoʻnalishdagi ishlarimiz izchil davom ettirilmoqda. Shu yilning oʻzida “Yangi Oʻzbekiston” massivlari va uy-joyga talab yuqori boʻlgan hududlarda 90 ming kvartiraga ega uy-joylar barpo etilayotgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Bugungi kunda mamlakatimiz qurilish sohasida ham yangi davr boshlandi, desak, toʻgʻri boʻladi. Avvalo, sohaning huquqiy va moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, respublikamizning barcha hududlarida ilgʻor texnologiya va yondashuvlar asosida faoliyat yuritadigan yangi-yangi qurilish tashkilotlari paydo boʻlayotgani, qurilish materiallari industriyasi yuqori surʼatlar bilan rivojlanayotgani, malakali yetuk kadrlar tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyilgani shunday deb aytishga asos beradi.

Hurmatli doʻstlar!

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi oldimizga qoʻyayotgan muhim va dolzarb vazifalardan kelib chiqqan holda, sizlar bilan birgalikda sohada islohotlarni yanada chuqurlashtirish, bosh reja va shaharsozlik hujjatlari loyihalarini yangicha mezonlar asosida yaratish uchun katta harakatlarni boshladik. Jumladan, urbanizatsiya boʻyicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda 2023–2027 yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlari shakllantirilmoqda.

Qurilish sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali qurilish jarayonlarining barcha bosqichlarida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, sifat va samaradorlikni oshirish, zahmatkash quruvchilarning mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularni har tomonlama ragʻbatlantirish masalalari bundan buyon ham doimiy eʼtiborimiz markazida boʻlib qoladi.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Siz, azizlarni, mamlakatimiz qurilish sohasini taraqqiy ettirishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan barcha yurtdoshlarimizni bugungi kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin yurakdan muborakbod etaman.

Sizlarga mustahkam sogʻlik, sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda yangi-yangi yutuqlar, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman.

Jonajon Oʻzbekistonimiz, shahar va qishloqlarimizning obodligi, xalqimiz farovonligi yoʻlida qilayotgan mehnatlaringizning rohatini koʻring!

Qoʻlingiz aslo dard koʻrmasin, aziz doʻstlar!

Shavkat Mirziyoyev,          Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.