Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

0
115
marta koʻrilgan.

2018 yil 31 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida. 

Yigʻilishda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar va oʻzgarishlar jarayonida prokuratura organlari tomonidan qilinayotgan ishlar va ular oldida turgan vazifalar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari prokuratura organlari oldida turgan ustuvor vazifalar toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdi.

Prokuratura organlari xodimlari islohotlarni samarali amalga oshirishda oʻzlarining bor salohiyati, bilim va tajribasini safarbar etishi zarurligi taʼkidlandi. Qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlarning amaliy ijrosini soʻzsiz taʼminlash prokuraturaning eng muhim va dolzarb vazifasiga aylanmogʻi lozim.

Yigʻilish ishtirokchilarining eʼtibori farovon hayotimiz asosi boʻlgan tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, xorijiy investorlarning mamlakatimizda erkin faoliyat yuritishi uchun sharoitlar yaratish prokuratura organlari tomonidan kafolatlanishi zarurligiga qaratildi.

Prokurorlarning sektorlar rahbari sifatidagi faoliyatida eng muhim vazifalaridan biri odamlar hayotida ijobiy oʻzgarishlarga erishish maqsadida hududlarni rivojlantirishga koʻmaklashishdir.

Davlat boshqaruvini xalqimiz manfaatlaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish prokuratura organlarining jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlashdagi rolini kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yigʻilishni yakunlar ekan, prokuratura xodimlari yuqori kasbiy malaka va yuksak insoniy fazilatlari bilan davlat organlari xizmatchilariga oʻrnak boʻlishi, hamisha adolat va qonuniylik himoyasida turishi lozimligini alohida taʼkidladi.

Yigʻilishda tashkiliy masala koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq Prezidentning Davlat maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgan Otabek Murodov Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori etib tayinlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.