Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida

0
76
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Jonajon Vatanimiz – Oʻzbekistonimiz milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻyib, barcha soha va tarmoqlarda demokratik yangilanish jarayonlari amalga oshirilayotgan bugungi kunda biz uchun bebaho neʼmat boʻlgan mustaqillikning qadr-qimmati va ahamiyati tobora ortib bormoqda. 

Oʻtgan davr biz uchun gʻoyat muhim bir haqiqatni takror va takror tasdiqlab bermoqda. Erkin va farovon hayotimizni, buyuk kelajagimizni faqat mustaqillik asosida qurishimiz, odamlarimiz, el-yurtimizni faqat mustaqil siyosat asosida rozi qilishimiz mumkin. Faqat mustaqillik bugungi va kelgusi avlodlar uchun misli koʻrilmagan imkoniyatlar ochib beradi. 

Shu maʼnoda, mamlakatimiz istiqlolini, u bilan bogʻliq tarixiy sana va voqea-hodisalarning mohiyatini chuqur anglash va qadrlash, har tomonlama munosib nishonlash ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy hayotimizda alohida muhim oʻrin tutadi. 

Xalqimizning asriy orzusi boʻlgan, Vatanimizning necha ming yillik tarixida mutlaqo yangi sahifa ochgan, mamlakatimizni xalqaro hamjamiyatning teng huquqli aʼzosiga aylantirgan Oʻzbekiston mustaqilligining yigirma yetti yilligini munosib kutib olish va nishonlash maqsadida: 

1. Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

2. Respublika komissiyasi bir hafta muddatda “Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!”degan gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda targʻibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqsin. 

Mazkur dastur 2017 – 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi hamda “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” Davlat dasturi bilan uygʻun holda tayyorlansin. 

Bunda davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, ayniqsa, xalq bilan doimiy muloqotni yoʻlga qoʻyish, inson manfaatlarini taʼminlash, qonun ustuvorligiga erishish va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va faol tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy sohani, xususan, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sanʼat, turizm va sport tarmoqlarini rivojlantirish, tinchlik-osoyishtalik va xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash, tashqi siyosat sohasida barcha uzoq va yaqin davlatlar bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni jadal rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarning mazmun-mohiyatini ilmiy-maʼrifiy asosda, hayotiy misollar orqali ochib berishga alohida eʼtibor qaratilsin. 

3. Respublika komissiyasi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bagʻishlab aholining keng qatlamlari oʻrtasida maʼrifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar oʻtkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va sanʼatkorlardan iborat maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot guruhlari tashkil etilsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi taʼminlansin. 

4. Respublika komissiyasi oʻz yigʻilishlarida belgilangan chora-tadbirlar markazda va joylarda qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitib borsin. 

5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida oʻtkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar boʻyicha yuksak mahorat va tajribaga ega boʻlgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilar, folklor sanʼati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin. 

6. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etishga qaratilgan eng yaxshi qoʻshiq va musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika tanlovining yakuniy bosqichini oʻtkazsin. 

Tanlov gʻoliblari va sovrindorlari Mustaqillik bayrami arafasida eʼlon qilinsin va taqdirlansin. 

7. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda “Eng ulugʻ, eng aziz”, “Ranglar jilosida – ona diyor”, “Vatan uchun yashaylik!” kabi anʼanaviy koʻrik-tanlovlarni yuqori darajada oʻtkazishni taʼminlasin. 

8. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari: 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan; 

Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi. 

9. Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin. 

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklansin. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                             Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018 yil 28 iyun 

Manba: OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.