Prezidentning 2018 yil 2 avgustdagi «Oʻzbekiston Respublikasida sogʻliqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi tashkil etildi.
Quyidagilar Milliy palataning asosiy vazifalari etib belgilandi:
• respublika sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish strategiyasini, ilgʻor xalqaro standartlar va jahondagi eng yaxshi amaliyotni hisobga olgan holda sogʻliqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
• zamonaviy klinik qoʻllanmalar va protokollar, diagnostika va davolash sifatiga oid standartlar, shuningdek, moddiy-texnik jihozlash standartlarini ishlab chiqishni tashkil etish, ularning oʻz vaqtida joriy etilishini monitoring qilish;
• zarur statistik axborot bilan taʼminlash maqsadida tibbiyot statistikasini toʻplash va tahlil qilish tizimini takomillashtirish va raqamlashtirish, shuningdek, statistik koʻrsatkichlarni manipulyasiya qilish imkoniyatini istisno etadigan xalqaro standartlar va metodikalarni joriy etish;
• respublika shifokorlari va provizorlarini roʻyxatga olish tizimini joriy etish, shuningdek, umumiy foydalanish uchun ochiq boʻlgan yagona elektron maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish;
• xalqaro standartlarga javob beradigan sogʻliqni saqlash infratuzilmasini yaratishga, shu jumladan, tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun moliyaviy mablagʻlar jalb etishga, shuningdek, sogʻliqni saqlash sohasida yangi tashkilotlar tashkil qilishga koʻmaklashish;
• tibbiyot xodimlarining obroʻsini, ushbu kasb nufuzi va mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimiga boʻlgan ishonchni oshirish, tibbiyot xodimlariga odob-axloq qoidalarini singdirish, korrupsiya koʻrinishlariga barham berish va ularning oldini olish, shuningdek, ularning kasbiy faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlash choralarini koʻrish;
• tibbiyot xodimlari kasbiy malaka darajasi, shuningdek, ularning koʻnikmalari zamonaviy talablar va jahonning eng yaxshi amaliyotiga muvofiqligi ustidan, shu jumladan, ular faoliyatini yakka tartibda litsenziyalashni joriy etish orqali taʼsirchan monitoring tizimini yoʻlga qoʻyish;
• tibbiyot xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, ushbu sohaga zamonaviy standartlarni joriy etish, shuningdek, sogʻliqni saqlash sohasidagi yuqori malakali xorijiy ekspert va mutaxassislarni mamlakatga faol jalb qilish, mamlakatimiz mutaxassislari va ekspertlarining chet elda stajirovka oʻtashini tashkil etish;
• mamlakatimiz tibbiyot tashkilotlarining bu boradagi faoliyatini va jahonning eng yaxshi amaliyotini chuqur oʻrganish asosida shifokor (tibbiy) xatolari, kasalliklarni notoʻgʻri diagnostika qilish va davolash holatlarini kamaytirishning taʼsirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish;
• mamlakat sogʻliqni saqlashni boshqarish tizimiga, shu jumladan, tibbiyot tashkilotlari faoliyatini tashkil etish va nazorat qilish masalalarida xorijning eng yaxshi amaliyotini moslashtirilgan tarzda joriy etish, shuningdek, fuqarolarni tibbiy sugʻurtalashni joriy qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish;
• xususiy, eng avvalo, toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalarini faol jalb qilish, shuningdek, sogʻliqni saqlashning xususiy tizimini jadal rivojlantirish maqsadida davlat-xususiy sheriklikning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish va mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimiga joriy etish;
• xorijiy (xalqaro) tibbiyot va boshqa tashkilotlar bilan sogʻliqni saqlash masalalari boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shu jumladan, respublika sogʻliqni saqlash tizimiga grantlar, kreditlar, donorlik va boshqa mablagʻlarni jalb etish maqsadida uchrashuvlar, muzokaralar va boshqa tadbirlarni tashkil qilish, shuningdek, ushbu mablagʻlarning maqsadli va samarali ishlatilishini monitoring hamda nazorat qilish;
• salohiyatli investorlar, ayniqsa, xorijiy investorlarga respublikaning xususiy sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish uchun investitsiya kiritish masalalari boʻyicha axborot, maslahat, huquqiy va boshqa shakllarda, shu jumladan, biznes-rejalar ishlab chiqish va taklif etilayotgan loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalarini jalb qilish orqali har tomonlama koʻmak koʻrsatish.
Manba: OʻzA