MSK Matbuot markazi 2021 yil 25 oktyabr soat: 16:00
Aziz Vatandoshlar!
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Kecha, 24 oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi xalqaro mezonlar va standartlarga mos milliy saylov qonunchiligimizga, unda belgilangan ochiqlik, oshkoralik, erkinlik va adolat kabi umumeʼtirof etilgan demokratik prinsiplarga toʻla mos holda, koʻtarinki ruhda oʻtkazildi.
Bugun xalqchil va demokratik tamoyillarga asoslangan Yangi Oʻzbekiston oʻtmish ajdodlarining tarixiy anʼanalarini davom ettirib va yanada boyitib, har tomonlama muttasil rivojlanayotgan zamonaviy davlat sifatida butun dunyoning eʼtiborini tortmoqda.
Kuni kecha oʻtgan Prezident saylovi xalqimiz yuksak tafakkuri va donishmandligining yorqin ifodasi boʻldi.
Ushbu saylov Yangi Oʻzbekistonda barcha sohalarda, jumladan, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan izchil va jadal islohotlarning uzviy davomidir.
Beshta siyosiy partiya va ularning nomzodlari oʻrtasida real raqobat muhitida oʻtgan Prezident saylovi Oʻzbekistonda erkinlik va demokratiya amalda mustahkamlanib borayotganining yorqin namoyishidir!
Soʻnggi besh yil mobaynida mamlakatimiz milliy saylov qonunchiligida jiddiy oʻzgarishlar yuz berdi. Nufuzli xalqaro ekspertlar taʼkidlaganidek, Yangi Oʻzbekistonda saylov qonunchiligini izchil takomillashtirish hamda saylovlarni oʻtkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi pogʻonaga koʻtarildi.
Bu galgi Prezident saylovi ilk bor 2019 yilda qabul qilingan Saylov kodeksi asosida oʻtdi.
Saylov qonunchiligiga joriy yilning 8 fevral va 31 may kunlari kiritilgan oʻzgartishlar va qoʻshimchalarga binoan, eng avvalo, saylov jarayoni ishtirokchilari, yaʼni saylovchilar, siyosiy partiyalar, saylov komissiyalari, ommaviy axorot vositalari hamda kuzatuvchilarning huquqlari va kafolatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali saylov jarayonlarini boshqarish axborot tizimi yanada takomillashtirildi.
Barcha darajadagi saylov komissiyalari oʻz ishini Saylov kodeksi talablari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturi hamda Kalendar rejasiga binoan, qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga toʻla amal qilgan holda tashkil etdi.
Siyosiy partiyalar va Prezidentlikka nomzodlar uchun saylov kampaniyasi davrida saylovoldi tashviqoti uchun teng va keng imkoniyatlar yaratildi.
Saylov uchastkalarida pandemiya sharoitida aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilish, saylovchilar va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Shuni alohida taʼkidlamoqchimanki, ayni kuz fasli boʻlishiga qaramay, saylov kuni ona Oʻzbekistonimizning barcha hududlarida, Yaratganning inoyati bilan, mayin koʻklam quyoshining charaqlab turgani ham saylovchilarimizga bahoriy kayfiyat, koʻtarinki ruh va ulkan ishonch bagʻishladi. Fuqarolarning saylovda faol va erkin ovoz berishida muhim omil boʻldi.
Ayni paytda, saylovchilarning bu faolligi joriy yilda milliy saylov qonunchiligimizga xalqimiz bilan bamaslahat kiritilgan oʻzgartirishlarga binoan saylov kunining qorli-qirovli sovuq dekabridan mutadil oktyabr oyiga koʻchirilishi gʻoyat toʻgʻri ish boʻlganligining amaldagi yana bir dalolatidir.
Prezident saylovini nufuzli xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotning Parlament Assambleyasi hamda Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Turkiy tilliy davlatlar hamkorlik kengashi, Turkiy kengash Parlament Assambleyasi hamda Islom hamkorlik tashkiloti kabi yigirmaga yaqin xalqaro tashkilotlardan va ellikka yaqin xorijiy davlatlardan jami mingga yaqin xalqaro kuzatuvchi hamda 1 ming 672 nafar mahalliy va xorijiy mamlakatlarning yirik ommaviy axborot vositalarining vakillari bevosita kuzatib va yoritib bordi.
Xalqaro kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalarining bunday keng koʻlamli ishtiroki Oʻzbekistonda oʻtgan saylovlar tarixidagi rekord koʻrsatkichdir.
Shuningdek, saylovda ishtirok etgan beshta siyosiy partiyalardan va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan 64 ming 450 nafar vakillar saylovni bevosita kuzatib bordi.
Oʻzingiz guvoh boʻldingiz, birinchi marta mamlakatimizning tuman va shaharlaridagi 207 ta saylov uchastkalariga oʻrnatilgan 414 ta videokameralar orqali uzatilgan onlayn translyasiyani millionlab odamlar kuzatib bordi.
Shuningdek, minglab saylov uchastkalaridan jurnalistlar tomonidan tele- va radio, foto reportajlar, intervyular va xabarlar muntazam uzatib turildi. Internetdagi ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar orqali butun dunyoga namoyish qilindi.
Saylov kampaniyasi davrida Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi va uning viloyatlardagi boʻlimlarida saylov jarayonining barcha ishtirokchilari uchun keng media-maydon yaratildi. Ularda yuzlab matbuot anjumanlari, brifinglar, intervyular, uchrashuvlar oʻtkazildi.
Tadbirlarda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rahbarlari, Oliy sudi raisi, Bosh prokurori, Ichki ishlar, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirlari, okrug saylov komissiyalari raislarining axborotlari tinglandi.
Saylov kampaniyasiga start berilgan kundan buyon xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida jami 76 mingdan ortiq materiallar eʼlon qilindi.
Hurmatli matbuot anjumani qatnashchilari!
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturi qabul qilingani va izchillik bilan amalga oshirilgani saylovlarni qonun talablari asosida, yuksak tashkiliy darajada oʻtkazishni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Bu yilgi Prezident saylovining oʻziga xos jihatlaridan yana biri – bu saylovchilarimizning fuqarolik masʼuliyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarga daxldorlik tuygʻusining yanada oshganligi bilan bogʻliq.
Saylov Oʻzbekiston xalqining yuksalib borayotgan siyosiy tafakkurini, ijtimoiy faolligi va madaniy saviyasini yana bir bor yaqqol namoyon etdi, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan 20 million 158 ming 907 nafar saylovchilardan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida chet ellarda ovoz bergan vatandoshlarimiz bilan birga hisoblaganda 16 million 212 ming 343 nafar saylovchi ishtirok etdi. Bu saylovchilar umumiy sonining 80,4 foizidan iboratdir.
421 ming 176 nafar saylovchi joriy yilning 14 oktyabrdan 20 oktyabrgacha oʻtkazilgan muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalandi.
Saylovda konsullik roʻyxatida turgan turmaganligidan qatʼi nazar xorijda istiqomat qilayotgan barcha vatandoshlarimiz uchun 37 ta davlatda tashkil etilgan 54 ta saylov uchastkasida ovoz berish imkoniyati yaratildi. Avvallari faqat konsullik vakolatxonalaridan rasman roʻyxatdan oʻtgan Oʻzbekiston fuqarolarigina saylovlarda qatnashardi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov oʻtkazuvchi saylov uchastkalarining barchasida saylov byulletenlari sanab chiqildi.
Siyosiy partiyalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodlar saylovchilarning quyidagi miqdordagi ovozini oldi:
Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Bahrom Abdurahimovich Abduhalimov – 3,4 foiz;
Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Narzullo Naimovich Oblomuradov – 4,1 foiz;
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Alisher Keldiyevich Qodirov – 5,5 foiz;
Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Maksuda Azizovna Varisova – 6,6 foiz;
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev – 80,1 foiz;
Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga koʻra, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan koʻpining ovozini, yaʼni 50 foizdan ortiq ovoz olgan nomzod Prezident etib saylangan, deb hisoblanadi.
Ushbu maʼlumotlarga tayanib, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev saylovchilarning eng koʻp – 80,1 foiz ovozini olib, ishonchli gʻalaba qozonganini va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganini mamnuniyat bilan maʼlum qilamiz.
Markaziy saylov komissiyasi nomidan Shavkat Miromonovichni bu yorqin gʻalaba bilan samimiy muborakbod etishga ijozat etgaysizlar!
Xalqning ishonchini, mehrini qozonish inson uchun eng oliy saodatdir!
Biz Shavkat Miromonovichni eng oliy martaba va ana shunday oliy saodatga musharraf boʻlgani bilan chin dildan yana bir bor qutlaymiz!
Prezidentlikka oʻtkazilgan saylov boʻyicha saylovga doir qonunchilik talablari qoʻpol ravishda buzilganligi holatlari haqida xabar va maʼlumotlar tushmadi. Lekin, Markaziy saylov komissiyasiga saylovchilar va ijtimoiy tarmoqlardan saylovlarni oʻtkazish jarayoniga doir holatlar boʻyicha muayyan murojaatlar kelib tushdi.
Ularning barchasini qonunda koʻrsatilgan muddat va tartiblarda koʻrib chiqish va hal etish yuzasidan tegishli
chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Hozirgi vaqtda Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalari tomonidan taqdim etilgan bayonnomalar hamda boshqa hujjatlarni koʻrib chiqmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi faqat shundan soʻng Prezident saylovi yakunlari toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Soʻzimning oxirida xalqimizni tinchlik-xotirjamlik, ahillik va real raqobat muhitida oʻtgan demokratik saylovda oʻz Liderini erkin saylagani bilan yana bir bor tabriklar ekanman, dunyodagi eng osoyishta, eng barqaror va eng gurkirab rivojlanayotgan mamlakatlardan biri sifatida tan olingan Yangi Oʻzbekistonimizga hech qachon koʻz tegmasin, deyman!
Prezident saylovini ochiq, oshkora va shaffof oʻtkazishda koʻrsatgan faolligi uchun barcha ommaviy axborot vositalari vakillariga yana bir samimiy minnatdorlik bildiraman!
Eʼtiboringiz uchun rahmat!