Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn toʻrtinchi yalpi majlisi toʻgʻrisida axborot

0
281
marta koʻrilgan.

2018 yilning 29 mart kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn toʻrtinchi yalpi majlisi oʻz ishini boshladi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan aʼzolari, vazirlik va idoralarning rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yoʻldoshev olib bordi. 

Senatorlar ishni yangi tahrirdagi “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunini koʻrib chiqishdan boshladilar. 

Taʼkidlanganidek, davlat mukofotlari ragʻbatlantirishning oliy shaklidir. Qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar mukofotlanishi mumkin. Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari chet el davlatlarining mukofotlari bilan ham taqdirlanishi mumkinligi belgilab qoʻyilgan. 

Qonunda davlat mukofotlarining turlari belgilab berilgan, “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni, Oʻzbekiston Respublikasining 34 ta faxriy unvoni, 11 ta orden, 4 ta medal va Oʻzbekiston Respublikasi Faxriy yorligʻi shular jumlasidan. Davlat mukofotlariga taqdim etish huquqiga ega boʻlgan subyektlar doirasi kengaytirilgan. Yangi qonunga muvofiq bundan buyon mukofotga taqdim etish huquqiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Sudyalar oliy kengashi, Markaziy bank, Davlat xavfsizlik xizmati, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi raislari, shuningdek, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, boshqa respublika muassasalarining, nodavlat notijorat tashkilotlari respublika organlarining rahbarlari ega boʻladi. 

Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat mukofotlari bilan taqdirlash tashabbusini mustaqil ilgari surish huquqi mustahkamlab qoʻyilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini davlat mukofotlari bilan taqdirlash Oliy Majlis palatalari tashabbusi bilan amalga oshiriladi. 

Qonunda davlat mukofotlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi norma alohida oʻrin egallaydi. Xususan, ularni taqib yurish, plankalardagi lentalarni va kichkina koʻchirma nusxalarini taqib yurish, davlat mukofotlarini saqlash va ular tasviridan foydalanish tartibi belgilangan. Senatorlarning fikricha, ushbu qonun hujjati davlat tomonidan ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish, vakolatli organlarning bu sohadagi masʼuliyatini oshirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Soʻngra senatorlar “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunini koʻrib chiqdilar. Taʼkidlanganidek, huquqiy hujjat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish orqali jamiyat va davlat ishlarini boshqarishga boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida kafolatlangan huquqlarining amalga oshirilishi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan. 

Qonunda jamoatchilik nazoratining subyektlari, obyekti, uning asosiy tamoyillari belgilangan. Jumladan, jamoatchilik nazorati subyektlariga fuqarolar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari kiritilgan. Jamoatchilik nazoratining obyekti sifatida davlat organlari, shu jumladan, huquq-tartibot va nazorat idoralari hamda ularning mansabdor shaxslarining faoliyati belgilangan. 

Jamoatchilik nazoratining davlat organlariga murojaatlar va soʻrovlar, davlat organlarining ochiq hayʼat majlislarida ishtirok etish, jamoatchilik muhokamasi, jamoatchilik eshituvi, jamoatchilik monitoringi, jamoatchilik ekspertizasi, jamoatchilik fikrini oʻrganish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan davlat organlari mansabdor shaxslarining hisobotlarini eshitish kabi shakllari oʻrnatilgan.

 
Senatorlarning fikricha, ushbu huquqiy hujjat fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, davlat organlari va ular mansabdor shaxslarining qonun hujjatlari talablariga soʻzsiz rioya qilishi taʼminlanishining, ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, gumanitar va boshqa sohalarda ular oldida turgan vazifalar va vakolatlar samarali amalga oshirilishining muhim omili boʻladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi. 
Shundan soʻng senatorlar “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunini koʻrib chiqdilar. Qonunning maqsadi ushbu sohaga oid amaldagi qonun hujjatlarining normalarini tartibga solish va yanada takomillashtirishdan iborat. 

Qonunda davlat xaridlarini davlat tomonidan tartibga solish normalari aks ettirilgan, davlat xaridlari subyektlari qayd etilgan, davlat xaridlari jarayoniga qoʻyiladigan umumiy talablar belgilab qoʻyilgan. 

Elektron doʻkon orqali xarid qilish tartibining kiritilishi muhim yangilik hisoblanadi. Qonunda elektron doʻkonning ishlashi va undan foydalanish tartibi keltiriladi, shuningdek, xaridlarni auksion, tanlov va tender orqali amalga oshirish, xarid komissiyasi faoliyati belgilangan. Qonunda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yagona yetkazib beruvchidan xarid qilish masalalarini tartibga soluvchi normalar ham belgilab berilgan. 

Ushbu qonun normalariga muvofiq xarid qilish tartib-taomillari ustidan monitoring oʻtkazish hamda jamoatchilik va davlat nazoratini amalga oshirish, shuningdek, davlat xaridlariga doir shikoyatlar, nizolar va kelishmovchiliklarni hal qilish mexanizmi belgilangan. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi. 

Shundan keyin senatorlar “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunini koʻrib chiqdilar. 

Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining (bundan buyon matnda Xizmat deb yuritiladi) faoliyatini tartibga solishdan iborat. 

Qonunga muvofiq Xizmat davlat xavfsizligini taʼminlash maqsadida oʻz faoliyatini maxsus vositalar, shakllar va uslublarda amalga oshiradigan maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi. 

Qonunda Xizmat organlari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari belgilab qoʻyilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga boʻlgan tajovuzlarning oldini olish, aniqlash hamda ularga barham berish boʻyicha razvedka va kontrrazvedka faoliyatini amalga oshirish, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish, Oʻzbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari va mudofaa-sanoat kompleksini davlat xavfsizligiga boʻladigan xavf-xatarlar hamda tahdidlardan himoya qilish, mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash boʻyicha strategik tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etish, terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilikka, qurol-yarogʻ, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish, davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi, milliy, etnik va diniy adovatni targʻib etishga qaratilgan buzgʻunchilik faoliyatining oldini olish, uni aniqlash va unga barham berish kabi yoʻnalishlar shular jumlasidandir. 

Bundan tashqari, ilmiy-texnik, ijtimoiy va axborot sohalarida davlat xavfsizligini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi xalqining madaniy-tarixiy hamda boy maʼnaviy merosini himoya qilish, davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat manfaatlariga hamda xavfsizligiga tahdid soluvchi korrupsiya holatlariga qarshi kurashish, telekommunikatsiyalar va transport sohasida davlat xavfsizligi hamda davlat manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash va favqulodda vaziyatlarga shart-sharoit yaratuvchi omillarning oldini olish, aniqlash va ularga barham berish, tekshirilishi Xizmat vakolatiga kiritilgan jinoyat ishlari boʻyicha tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish, tergovgacha boʻlgan tekshiruv va dastlabki tergovni oʻtkazish, davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat sirlarining saqlanishini, maxsus aloqaning xavfsizligini taʼminlash hamda axborotning kriptografik himoyasini tashkil etish ustidan nazorat qilish, davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon yaratuvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish, Xizmatning jangovarlik va safarbarlik shayligi holatini takomillashtirish hamda saqlab turish, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda va harbiy holat joriy qilinganda kuch va vositalarni harakatlarga tayyorlash Xizmat faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi. 

Qonuniylik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilish, fuqarolarning yordamiga tayanish, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi ustuvorligi, yaxlitlik, mustaqillik, konspiratsiya Xizmat faoliyatining asosiy prinsiplari sifatida qayd etilmoqda. 

Qonunda Xizmat tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni hamda oʻqotar qurolni qoʻllash shartlari va chegaralari, davlat organlarining, boshqa tashkilotlarning va fuqarolarning transport vositalaridan foydalanish tartibi belgilanmoqda. 

Taʼkidlash lozimki, Xizmat oʻz faoliyatini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunadi va bevosita unga hisobot beradi. Shuningdek, Xizmat Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasini oʻz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari yuzasidan muntazam xabardor qilib boradi. 

Shu bilan birga, Xizmatning faoliyatida qonunlarning aniq hamda bir xilda ijro etilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga boʻysunuvchi prokurorlar tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi. 

Soʻngra senatorlar yangi tahrirdagi “Oʻrmon toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunini koʻrib chiqdilar. Qonunning maqsadi amaldagi qonun normalarini takomillashtirish, oʻrmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, koʻpaytirish, takror koʻpaytirish, qayta tiklash, ularning mahsuldorligini oshirish va ulardan oqilona foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. 

Jumladan, atama va taʼriflarni bir xilda qoʻllash va turlicha talqin etilishining oldini olish maqsadida “oʻrmon”, “oʻrmonlarni koʻpaytirish”, “oʻrmonni muhofaza qilish”, “oʻrmonlarni takroriy koʻpaytirish”, “oʻrmondan foydalanuvchilar”, “oʻrmonlarni qayta tiklash” kabi tushunchalar kiritilmoqda. 

Bu sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilab berilmoqda, Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining vakolatlari belgilab berilmoqda. 

Ushbu qonunda oʻrmonlar muhofaza qilinishini taʼminlash va ulardan foydalanishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar ishtirokining huquqiy mexanizmi mustahkamlab qoʻyilmoqda. Xususan, ular dastur va tadbirlarni amalga oshirish, aholi orasida oʻrmonlardan oqilona foydalanish boʻyicha tushuntirish ishlarini oʻtkazish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, davlat idoralariga bu sohada koʻmak koʻrsatishda ishtirok etadilar. 

Bundan tashqari, qonun bilan oʻrmonni qoʻriqlashga doir qator choralar, jumladan, qoidalar, cheklov hamda taqiqlar, oʻrmonga zararli taʼsir koʻrsatilishining yoki uning yoʻq qilib yuborilishining oldini olishga qaratilgan qoidalar joriy etilmoqda. 

Qonun bilan oʻrmondan foydalanishning asosiy qoidalari ancha takomillashtirilgan. Jumladan, daraxt va butalarni kesmagan holda oʻtin va shox-shabbalarni yigʻish, oʻrmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xoʻjaliklari ehtiyojlari uchun foydalanish, ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida foydalanish kabi oʻrmondan foydalanishning yangi turlari kiritilmoqda. 

Oʻrmonlarni muhofaza qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi oʻrmonlardan foydalanishga yoki foydalanishning ayrim turlariga nisbatan cheklovlar yoki taqiqlar belgilashi mumkin. 

Oʻrmonlarning daryolar, koʻllar, suv omborlari va boshqa suv obyektlari sohillari boʻylab oʻtgan taqiqlangan mintaqalarida, eroziyadan saqlaydigan oʻrmonlarda, suv taʼminoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalaridagi oʻrmonlarda, alohida qimmatga ega boʻlgan oʻrmonlarda, yongʻoqzor oʻrmon zonalarida, davlat qoʻriqxonalarining oʻrmonlarida, shuningdek, belgilangan rejimga muvofiq tabiat bogʻlarining, buyurtma qoʻriqxonalarning, kurort tabiiy hududlarining, davlat biosfera rezervatlarining, davlatlararo muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning oʻrmonlarida chorva mollarini oʻtlatishga yoʻl qoʻyilmaydi. 

Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi davlat oʻrmon fondini, uning oʻsimlik va hayvonot dunyosini qoʻriqlash va undan oqilona foydalanishning qonunchilik asosini mustahkamlash, huquqni qoʻllash amaliyotining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi. 

Shundan soʻng senatorlar “Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmati sohasi xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini koʻrib chiqdilar. Kommunal soha barqaror va sifatli faoliyat koʻrsatishi muhimligi, uning takomillashtirilishi, shuningdek, kommunal xizmatlar xodimlari mehnatini munosib baholash muhimligi qayd etildi. Hozirgi vaqtda respublikada ushbu sohada 157 mingdan ortiq kishi mehnat qilmoqda. 

Kommunal xizmat koʻrsatish sohasi faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, vijdonan qilinadigan mehnatni ragʻbatlantirish maqsadida qonun bilan 18 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmati sohasi xodimlari kuni etib belgilanmoqda. Senatorlarning fikricha, bu kommunal xizmatlar sifati va samaradorligini yanada oshirishga koʻmaklashadi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi. 

Shundan soʻng senatorlar “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunini koʻrib chiqdilar. 

Qayd etilganidek, ushbu qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlisga koʻrib chiqish uchun kiritildi. Qonun ilgʻor xorij tajribasini hisobga olgan holda sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquqlarini himoya qilishning qonunchilik asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan hamda Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslarga va “Prokuratura toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishini nazarda tutadi. 

Qonun normalarida dalillarni qalbakilashtirganlik (soxtalashtirganlik) uchun jinoiy javobgarlik oʻrnatilmoqda, yolgʻon guvohlik va yolgʻon xabar berganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Qonunga xilof usullar orqali yoki jinoyat protsessi ishtirokchilarini qonun bilan kafolatlangan huquqlaridan mahrum qilish yoki bu huquqlarni cheklash yoʻli bilan olingan faktik maʼlumotlarni dalil-isbotlar sifatida foydalanishni taqiqlovchi tegishli norma kiritilmoqda. Shuningdek, sudlarda jinoyat ishlarining oshkora koʻrilishi prinsipini cheklaydigan qoʻshimcha talablarni joriy etish taqiqlanmoqda, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qoʻllaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. 

Bundan tashqari, qonunda sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan shaxslarning mazkur ehtiyot chorasi ustidan sud tartibida shikoyat qilishga doir huquqlari, shuningdek, himoyachining dalillarni toʻplash va taqdim etishga doir huquqlari kengaytirilmoqda, hodisa sodir boʻlgan joyni koʻzdan kechirish jarayoni, tergov eksperimenti albatta videoga olinishi, shuningdek, sud tekshiruvi jarayonida stenografik yozuv olib borilishi haqidagi talab joriy etilmoqda. Dalillarni toʻplash va mustahkamlashda ruxsat berilmagan usullar qoʻllanilganligi toʻgʻrisidagi murojaatlar sud-tibbiy ekspertizasi yoki boshqa ekspertiza oʻtkazilgan holda prokuror yoki sud tomonidan albatta tekshirilishi lozimligini nazarda tutuvchi tartib oʻrnatilmoqda. 

Shuningdek, qonunda ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni oʻtayotgan, qamoqda saqlanayotgan, ushlab turilgan yoki maʼmuriy qamoqqa tortilgan shaxslardan jinoyatlar toʻgʻrisida olingan arizalar, xabarlarni va boshqa maʼlumotlarni darhol roʻyxatga olish va hal etishda jinoyat-protsessual qonun hujjatlari talablariga rioya etilayotganligi prokuror tomonidan majburiy tarzda tekshirilishi haqidagi normalar joriy qilinmoqda. 

Senatorlar taʼkidlaganidek, ushbu huquqiy hujjatning qabul qilinishi sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini ishonchliroq taʼminlashga, ularning qadr-qimmati va shaʼni kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslikka, shuningdek, sud va tergov organlari javobgarligini kuchaytirishga, aholining huquqni muhofaza qilish organlari va sudga boʻlgan ishonchini oshirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi. 

Shundan keyin senatorlar “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunini koʻrib chiqdilar. Mazkur qonunda ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarni bajarish nazarda tutilmoqda. 

Xususan, amaldagi qonun hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar jurnalistlik faoliyatining erkinligini taʼminlovchi huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratishga, jurnalistlarning huquqiy maqomini aniqlashga qaratilgan. 

Qonun bilan moddiy madaniy meros obyektlarini qoʻriqlash va ulardan foydalanish masalalari kuchaytirilmoqda, suv obyektlaridan foydalanish shartlari aniqlashtirilmoqda, axborot-kutubxona faoliyati sohasini tartibga soluvchi amaldagi qonun hujjatlari takomillashtirilmoqda, shuningdek, ishga qabul qilinayotgan shaxs yaqin qarindoshlarining sudlanganligi sababli uni ishga qabul qilishni rad etish taqiqlanishi nazarda tutilmoqda. 

Shuningdek, qonun bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari orasidan chet davlatlarning parlamentlari va xalqaro parlament tashkilotlari bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruhlar, komissiyalar, qoʻmitalar, ishchi guruhlar va boshqa tuzilmalar tuzishni nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. 

Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga jinoyat ishlarini oshkora koʻrish sudning tashabbusi bilan yoki jinoyat protsessi ishtirokchilarining iltimosnomasiga koʻra audio va videoyozuvga olishdan foydalangan holda hamda videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilishi mumkinligini, shuningdek, sudning qonuniy kuchga kirgan qarorlari jinoyat protsessi ishtirokchilarining roziligi bilan yoki shaxsini koʻrsatmagan tarzda sudning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi mumkinligini (bundan yopiq sud majlislarida koʻrilgan ishlar boʻyicha sud qarorlari mustasno) nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. 

Qonun bilan fermer xoʻjaliklarini tashkil etish mexanizmi takomillashtirilmoqda. Masalan, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuniga fermer xoʻjaliklarini tashkil etish mexanizmini takomillashtirishni, yer uchastkalari taqdim etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni, koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarining huquqiy maqomini belgilash va ularni ragʻbatlantirish tizimini, fermer xoʻjaliklari huquqlarini yanada kengaytirishni hamda ularning moddiy manfaatdorligini oshirishni, huquqni qoʻllash amaliyotida yuzaga keladigan muammolarni va qonun hujjatlaridagi nuqsonlarni bartaraf etishni nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. 

Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarda energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan toʻliq uzib qoʻyilgan turar joylarda muqobil energiya manbalaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarga muqobil energiya manbalari oʻrnatilgan oydan eʼtiboran uch yil muddatga mulk soligʻi va yer soligʻidan ozod qilish tarzida imtiyozlar berish, yagona ijtimoiy toʻlovni paxta yigʻim-terimi boʻyicha qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilingan jismoniy shaxslar tomonidan bu ishlarni bajarganlik uchun olinadigan daromadlarga nisbatan hisoblab chiqarmaslik, soliq solinadigan bazani turistik faoliyat subyektlari uchun – turistik xizmatlarni onlayn-bronlashtirish va sotish boʻyicha dasturiy mahsulotlarni hamda axborot tizimlarini joriy etishga yoʻnaltirilgan mablagʻlar summasiga kamaytirish, shuningdek, koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari reestriga kiritilgan kundan boshlab qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetishtirish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa daromad turlari boʻyicha yagona soliq toʻlovini toʻlashdan besh yil muddatga ozod etish nazarda tutiladi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi. 

Soʻngra senatorlar xalqaro huquqiy hujjatlarni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi bir qator qonunlarni, shu jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi va Turkmaniston oʻrtasida uch davlatning Davlat chegaralari tutashgan nuqtasi hududi toʻgʻrisida shartnomani (Samarqand, 2017 yil 10 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunini, “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Afgʻoniston Islom Respublikasi oʻrtasida fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam toʻgʻrisidagi shartnomani (Toshkent, 2017 yil 5 dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunini, “Umumjahon pochta ittifoqi Ustaviga toʻqqizinchi qoʻshimcha bayonnomani (Istanbul, 2016 yil 6 oktyabr) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini, “Islom tashkilotining taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha ustavini (Boku, 2015 yil 26 noyabr) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunini, “Shanxay hamkorlik tashkilotining Ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha konvensiyasini (Ostona, 2017 yil 9 iyun) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunini koʻrib chiqdilar. 

Barcha koʻrib chiqilgan qonunlar muhokamalardan soʻng senatorlar tomonidan maʼqullandi. 

Shundan soʻng senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (Ombudsman) 2017 yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni eshitdilar. 

Ombudsmanning 2017 yildagi faoliyati davlat va jamiyat faoliyatining barcha sohalarida tub islohotlarni amalga oshirish, fuqarolarning farovon hayoti uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan vazifalarni bajarishga qaratilganligi taʼkidlandi. 

2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturiga binoan Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qadamlar qoʻyildi. Ombudsmanning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonun hujjatlari hamda davlat dasturlari ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish boʻyicha huquqlari va vakolatlari kengaytirildi. 

2017 yilda Oʻzbekiston Respublikasi va chet davlatlar fuqarolarining, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning, jamoat tashkilotlarining va yuridik shaxslarning 9074 ta murojaati Ombudsman tomonidan koʻrib chiqilib hal etildi. Mazkur ishlar natijasida 34 kishi ishga joylashtirildi va lavozimiga qayta tiklandi, 53 nafar oilaga moddiy yordam, 39 nafar fuqaroga tibbiy yordam koʻrsatildi, 2319 million soʻm davlat foydasiga, 263 million soʻm murojaat qilganlar foydasiga undirildi, tijorat ishlarini rivojlantirish uchun 133 million soʻmlik kreditlar olishda koʻmak berildi. 

Ombudsman tomonidan qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlari va erkinliklarini taʼminlash ustidan parlament nazoratini kuchaytirish boʻyicha aniq maqsadga qaratilgan ishlar olib borilmoqda. Noqonuniy xatti-harakatlar ustidan berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqish yakunlari haqida parlament palatalarini vaqti-vaqti bilan ogohlantirib borish mexanizmi joriy etildi, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlariga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha nazorat-tahliliy tadbirlar tashkil etish va olib borishning qoʻshma jadvali tasdiqlandi. 

Senatorlar hisobotni muhokama qilish davomida Ombudsman ishining samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar va tavsiyalarni bildirdilar. 

Muhokama yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qarori qabul qilindi. 

Shuning bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati oʻn toʻrtinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

 Senatining Axborot xizmati

Manba: OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.