Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 fevraldagi PQ-3504-son qarori qabul qilinganligi haqida xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 yanvardagi “Umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5313-son Farmonini ijro etish yuzasidan:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlimi markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz deb yuritiladi) tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
tasarrufida kasb-hunar kollejlari boʻlgan vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalar bilan birgalikda kasb-hunar taʼlimi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish boʻyicha oʻrta va uzoq muddatli dasturlarni hayotga tatbiq etish va kasb-hunar kollejlarida oʻquv-tarbiya jarayoniga tashkiliy va metodik rahbarlik qilishni taʼminlash;
ish beruvchilarning ehtiyojlari va takliflaridan hamda ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqib, shuningdek, iqtisodiyotning real sektoridagi tarkibiy oʻzgarishlarni hisobga olib kasb-hunar kollejlarida oʻrta boʻgʻinning mehnat bozorida talab etilgan mutaxassislarini tayyorlashning oʻquv rejalari va dasturlari ishlab chiqilishini tashkil etish;
yuqori professional rahbarlar va pedagog kadrlarni tanlash hamda ular bilan kasb-hunar kollejlarini taʼminlash, ularning malakasi va kasbiy darajasini muntazam ravishda oshirish, shuningdek, ular mehnatini ragʻbatlantirish ishlarini tizimli asosda taʼminlash;
tizimning rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlashning yangi shakllari va usullarini joriy etish;
respublikadagi barcha kasb-hunar kollejlari oʻquv-metodik ishini ularning idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, muvofiqlashtirish;
kasb-hunar kollejlarida taʼlim sifatini oshirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, taʼlim jarayonini doimiy ravishda takomillashtirish;
umumtaʼlim maktablari 10-11-sinf oʻquvchilarining kasbiy koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha ixtisoslashtirilgan oʻquv-ishlab chiqarish majmualarida kasb-hunar taʼlimi jarayonini muvofiqlashtirish va metodik taʼminlash.
3. Quyidagilar:
Markazning tashkiliy tuzilmasi va xodimlarning umumiy cheklangan soni 34 nafar boʻlgan markaziy apparati tuzilmasi 1- va 2-ilovalarga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalarining (keyingi oʻrinlarda boshqarmalar deb yuritiladi) namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kasb-hunar taʼlimi hududiy boshqarmalari xodimlarining cheklangan soni 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Markaz direktoriga, zarurat boʻlganda, xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida markaziy apparat va idoraviy mansub tashkilotlar, boshqarmalar tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Belgilansinki:
Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha uning huquqiy vorisi hisoblanadi;
Markazning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi;
Markazga direktor – Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari rahbarlik qiladi;
Markaz direktori Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining taqdimnomasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Markaz direktori Oʻzbekiston Respublikasi kasb-hunar taʼlimi tizimi sifatli va samarali tashkil etilishi, normativ-huquqiy boshqarilishi, unga yuklangan vazifalar toʻlaqonli va oʻz vaqtida bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi huzuridagi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimi kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi huzuridagi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini axborot-metodik taʼminlash xizmati negizida Markaz huzurida Kasb-hunar taʼlimi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti tashkil etilsin, unga quyidagi funksiyalar yuklansin:
taʼlim dasturlari tuzilmasi va mazmunini takomillashtirish ishlarini doimiy ravishda amalga oshirish, taʼlimning umumiy metodologiyasi doirasida ularning samaradorligi va moslashishini taʼminlash, yangi oʻquv rejalari va dasturlarini ishlab chiqish va ularni oʻquv jarayoniga joriy etish;
tizimning pedagog kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashning yangi shakllari va usullarini joriy etish, zamonaviy taʼlim texnologiyalaridan foydalangan holda pedagog kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini boshqarishning yangi vertikalini tashkil etish.
6. Markaz huzuridagi xodimlarning cheklangan soni 86 nafar boʻlgan Kasb-hunar taʼlimi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash institutining tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Sanʼat, madaniyat va olimpiya zaxiralari kasb-hunar kollejlari (kollejlari) 6-ilovaga muvofiq, bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplom beriladigan ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari va maktab-internatlariga, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlariga aylantirilsin.
8. Quyidagilar:
a) vazirliklar va idoralarning iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlashga ixtisoslashtiriladigan kasb-hunar kollejlari faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib:
toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun tushadigan mablagʻlar;
vazirliklar va idoralarning ushbu maqsadlarga xarajatlar smetasida har yili nazarda tutiladigan byudjet mablagʻlari va byudjetdan tashqari mablagʻlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar mablagʻlari;
b) xoʻjalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalarning iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlashga ixtisoslashtiriladigan kasb-hunar kollejlari faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib:
toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalarning mablagʻlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar mablagʻlari;
v) koʻp tarmoqli kasb-hunar kollejlari faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib – mutaxassislarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish va qayta tayyorlash uchun ota-onalar va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlarining mablagʻlari belgilansin.
Kam taʼminlangan oilalardan oʻquvchilar kasb-hunar (koʻp tarmoqli) kollejlarida, ularning idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, bepul asosda oʻqitiladigan tartib oʻrnatilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlimi markazi toʻgʻrisidagi nizomni;
uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasida kasb-hunar taʼlimi toʻgʻrisidagi nizomni;
2019 yil1 yanvargacha boʻlgan muddatda:
kasb-hunar taʼlimining davlat taʼlim standartlarini;
kasb-hunar taʼlimining yoʻnalishlari, mutaxassisliklari va kasblari klassifikatorini;
kasb-hunar kollejlarida davlat granti asosida taʼlim olgan bitiruvchilarni, ularning egallagan kasbi boʻyicha hududlarda kamida uch yil ishlab berish uchun ishga yuborish tartibini nazarda tutuvchi nizomni;
kasb-hunar kollejlariga oʻquvchilarni qabul qilish tartibini tasdiqlasin.
10. Iqtisodiyot vazirligi, Markaz:
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, idoraviy mansub kasb-hunar kollejlariga ega boʻlgan boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2019 yildan boshlab har yili 1 maygacha boʻlgan muddatda mutaxassisliklar va kasblar boʻyicha kasb-hunar kollejlariga qabul qilish boʻyicha kelishilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining koʻrib chiqishi uchun kiritsinlar;
ikki oy muddatda boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda kasb-hunar kollejlariga qabul kvotalarini shakllantirish tartibini ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markaz va boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar hamda xoʻjalik birlashmalari bilan kelishgan holda har yili kasb-hunar kollejlarida oʻqitishning shakllanayotgan jami xarajatlarini va Vazirlar Mahkamasining qabul qilingan qarorlarini hisobga olgan holda, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymati miqdorlarini belgilasin.
12. Vazirliklar va idoralarga quyidagi vazifalarning bajarilishini taʼminlash, xoʻjalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalarga amalga oshirish tavsiya etilsin:
oʻquvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini, qoidaga koʻra, ishlab chiqarishning idoraviy mansub obyektlarida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini keyinchalik ularda ishga joylashtirish maqsadida tashkil etish;
kasb-hunar kollejlarini saqlash, ularning xarajatlarini moliyalashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
kasb-hunar kollejlarining oʻzini oʻzi qoplashini oshirish maqsadida belgilangan tartibda taʼlim xizmatlari koʻrsatilishini, faoliyatining tadbirkorlik, maslahatlar berish, ekspert, noshirlik, ishlab chiqarish, innovatsion va boshqa turlarini yoʻlga qoʻyish.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Markaz va Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda tugatiladigan va qayta tashkil etiladigan kasb-hunar kollejlari xodimlarini ishga joylashtirishda yordam bersinlar.
14. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev