Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 oktyabr kuni Oʻzbekistonda AQSH biznesi haftaligi tadbirlarida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Amerika – Oʻzbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz saytida.
Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi. Joriy yil may oyida AQSHga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrifning samarali natijalari strategik sheriklikning yangi davrini boshlash imkonini berdi.
AQSHning «Djeneral Elektrik», «Boing», «SiEnEych Indastrial», «Djon Dir», «Xanivell», «Silverlif», «Uayt end Keys» va boshqa koʻplab kompaniyalari bilan savdo-iqtisodiy, investitsiya va innovatsiya sohalaridagi oʻzaro hamkorlik kengaymoqda.
Bugungi kunda mashinasozlik, neft-gaz va gaz-kimyo, elektr energetikasi, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalarini qamrab olgan qiymati 5 milliard dollardan ziyod istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Joriy yil boshidan mamlakatimizda AQSH investitsiyalari ishtirokida 25 yangi korxona tashkil etildi, oʻzaro savdo hajmi ikki barobar koʻpaydi.
Oʻzaro manfaatli biznes hamkorlikni mustahkamlashda tarkibiga AQSHning jahonga mashhur 37 ta kompaniyasi, investitsiya korporatsiyalari va banklari kirgan Amerika – Oʻzbekiston savdo palatasi muhim rol oʻynayotgani taʼkidlandi.
Uchrashuvda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash, avvalo, texnologiyalar sohasidagi sheriklikni rivojlantirishning aniq istiqbollari muhokama qilindi.
Erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni oʻz vaqtida amalga oshirish, shuningdek, Palataning yangi aʼzolarini jalb etgan holda, investitsiya loyihalarini tayyorlash muhimligi qayd etildi.
AQSH kompaniyalarining Oʻzbekiston bozorida uzoq muddat faoliyat yuritishi uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratildi.
Kerolin Lemm davlatimiz rahbariga samimiy qabul hamda Palata aʼzolarining mamlakatimizdagi faoliyatiga koʻrsatilayotgan har tomonlama koʻmak uchun AQSH ishbilarmonlar hamjamiyati nomidan chuqur minnatdorlik bildirdi.
Oʻzbekistonda barcha soha va yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar tadbirkorlik tashabbuslarini muvaffaqiyatli roʻyobga chiqarishda keng imkoniyatlar yaratayotgani qayd etildi.
Amerika – Oʻzbekiston savdo palatasi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi samarali savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashda faol ishtirok etishga tayyor ekani alohida taʼkidlandi.