Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 iyul kuni poytaxtimizda oʻtayotgan xalqaro konferensiya doirasida Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidentining maslahatchisi Elizabet Shervud-Rendall boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida..
Ikki tomonlama kun tartibining dolzarb jihatlari va xalqaro siyosat masalalari koʻrib chiqildi. Davlatimiz rahbari keyingi yillarda Oʻzbekiston-AQSH strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari jadal surʼat bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Elizabet Shervud-Rendall Oʻzbekiston Prezidentiga AQSH Prezidenti Jozef Baydenning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Prezidentimizning Markaziy va Janubiy Osiyo bogʻliqligini mustahkamlash borasidagi tashabbuslari AQSH maʼmuriyati tomonidan yuksak baholanayotgani taʼkidlandi.
Bundan tashqari, mamlakatimizning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi, yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar, Markaziy Osiyoda ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklikni mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlar qatʼiy qoʻllab-quvvatlandi.
Uchrashuvda konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish masalalari, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari, shu jumladan pandemiyaga qarshi kurashish va aholini emlash, AQSHning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida qoʻshma investitsiya loyihalarini ilgari surish muhokama qilindi.
Afgʻonistonda yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan batafsil fikr almashildi.