Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 avgust kuni AQSH Kongressi aʼzolari Trent Kelli va Derin Laxud ishtirokidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Parlamentlar oʻrtasida faol almashinuvlarni hamda kongressmenlar vakillik qilayotgan Missisipi va Illinoys shtatlari bilan amaliy hamkorlikni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarda erishilgan yuqori daraja mamnuniyat bilan qayd etildi. Samarali muloqotlar kengaymoqda, oʻzaro tashriflar amalga oshirilmoqda. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash oʻtgan yilda 53 foizga, joriy yil boshidan esa yana 20 foizga oshdi. Bozorimizda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan AQSH kompaniyalarining soni ortib bormoqda.
Misol tariqasida «Silverleaf» kompaniyasining Jizzax viloyatidagi agroklasterni rivojlantirish borasidagi sermahsul faoliyati koʻrsatib oʻtildi.
Davlatimiz rahbari AQSH Kongressida faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston boʻyicha kokusning natijador ishini yuksak baholadi.
Shuningdek, sogʻliqni saqlash, taʼlim, qishloq xoʻjaligi, sanoat va yuqori texnologiyalar sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
AQSHning ushbu hududlaridan ishbilarmonlar delegatsiyalarining mamlakatimizga tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.