Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti AQSHga keldi

0
130
marta koʻrilgan.
 Vashington, 15 may. OʻzA maxsus muxbiri Abu Bakr OʻROZOV xabar qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 2018 yil 15 may kuni ilk rasmiy tashrif bilan Vashingtonga keldi. 

AQSH poytaxtidagi «Endryus» aeroportida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini AQSH rasmiy vakillari kutib oldi. 

Boʻlajak oliy darajadagi muloqotga ikki tomon ham katta eʼtibor bilan qaramoqda. AQSH maʼmuriyati Oʻzbekiston Prezidenti tashrifini tarixiy voqea sifatida baholamoqda. 

Tashrifning asosiy tadbirlari 16-17 may kunlariga belgilangan. 16 may kuni Shavkat Mirziyoyev Oq uyda Donald Tramp bilan uchrashadi. Muzokaralar avval tor doirada, soʻng kengaytirilgan tarkibda boʻlib oʻtadi. 

Avval xabar qilinganidek, oliy darajadagi muzokaralarda Oʻzbekiston – AQSH hamkorligining bugungi holati va rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan. Vashingtonda davlatimiz rahbari, shuningdek, AQSH Kongressi, Mudofaa vazirligi va Davlat departamenti hamda Jahon bankida ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazadi. 

Rasmiy tashrif yakunida ikki mamlakat Prezidentlari «Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari: strategik sheriklik yangi davrining boshlanishi» deb nomlangan Qoʻshma bayonotni imzolashi, shuningdek, turli sohalarda oʻzaro munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan 40 dan ortiq hujjatlar toʻplami qabul qilinishi kutilmoqda. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.