Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti AQSHning xalqaro diniy erkinlik sohasida alohida topshiriqlar boʻyicha elchisini qabul qildi

0
130
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 sentyabr kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan AQSHning xalqaro diniy erkinlik sohasida alohida topshiriqlar boʻyicha elchisi Samuel Braunbekni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz saytida. 

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasidagi keng koʻlamli hamkorlik izchil mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Joriy yil may oyida Vashington shahrida boʻlib oʻtgan, Oʻzbekiston – AQSH strategik sherikligida yangi davrni boshlab bergan oliy darajadagi muzokaralar natijalari yuksak baholandi.

Oʻzbekiston inson salohiyatini rivojlantirish, shu jumladan, diniy erkinlik va konfessiyalararo totuvlikni taʼminlash sohasidagi konstruktiv muloqotga muhim ahamiyat qaratayotgani qayd etildi. Prezidentimiz Oʻzbekistonning din sohasidagi siyosati barcha konfessiya vakillari uchun teng sharoitlar yaratishga asoslanganini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida diniy-maʼrifiy sohadagi faoliyatni tubdan takomillashtirish borasida aniq choralar koʻrildi.

Bagʻrikenglik, mehr-oqibat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, bilimga intilish kabi xalqimiz mentalitetining maʼnaviy-ahloqiy asoslarini saqlash va boyitish, dinga aloqador madaniy merosni asrab-avaylash boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston islom akademiyasi, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tashkil etildi.

Oʻzbekiston barchaning taʼlim olishiga keng imkoniyat yaratish, bagʻrikenglik va oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash, vijdon va din erkinligi hamda eʼtiqod qiluvchilarning boshqa huquqlarini himoya qilishga qaratilgan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” nomli BMT Bosh assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Samuel Braunbek samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, AQSH Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli oʻzgarishlarni yuqori baholashi va qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.

Mamlakatimiz diniy erkinlik va inson huquqlarini taʼminlashda katta muvaffaqiyatlarga erishgani alohida qayd etildi.

Tomonlar Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi koʻp qirrali, xususan, mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash, bagʻrikenglik va konfessiyalararo totuvlikni taʼminlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekani bildirildi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.