Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi ishida ishtirok etadi

0
79
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 76-sessiyasining yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida videomurojaat bilan soʻzga chiqadi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari xalqaro hamjamiyatga mintaqa va global kun tartibidagi dolzarb masalalar, BMTning zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda chora koʻrishdagi roli yuzasidan oʻz nuqtai nazarini taqdim etadi hamda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida amalga oshirilayotgan va ortga qaytmas tus solgan chuqur demokratik islohotlarning mazmun-mohiyatini ochib beradi.

Oʻzbekiston yetakchisining nutqida, muhokamalarning mavzusini hisobga olib, COVID-19 pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini BMT tomonidan eʼlon qilingan «hech kimni ortda qoldirmaslik» prinsipi asosida birgalikda yengib oʻtish masalalariga toʻxtalib oʻtiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, jahon iqtisodiyotini tiklash, barqaror taraqqiyotni taʼminlash, mintaqada va global darajada muloqotni kengaytirish, inson huquq va erkinliklarini ilgari surishga, shuningdek, iqlim oʻzgarishi, atrof-muhit va biologik xilma-xillikning tanazzulga yuz tutishi, Orol dengizining qurishi kabi transmilliy tahdidlarga qarshi kurashishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil sentyabr oyida oʻtgan BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan barcha tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qoʻllab-quvvatlangani va bugun oʻzining amaliy ifodasini topayotganini taʼkidlash lozim.

Ularni amalga oshirish doirasida, jumladan, pandemiyaga qarshi samarali kurashish borasidagi chora-tadbirlar qoʻllab-quvvatlanmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Pandemiya davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisida kodeks ishlab chiqilgan boʻlib, bu boradagi global saʼy-harakatlarga mamlakatimizning hissasi sifatida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan rasmiy hujjat shaklida tarqatildi.

2021 yil may oyida BMT Bosh Assambleyasi Orolboʻyini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida maxsus rezolyusiyani qabul qildi. BMT shafeligida tashkil etilgan Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast jamgʻarmasi samarali faoliyat yuritmoqda.

Oʻtgan haftada YUNYeSKO bilan hamkorlikda Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniyat forumi muvaffaqiyatli tashkil etildi.

2021 yil noyabr oyida Toshkent shahrida BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Markaziy Osiyo davlatlarining Qoʻshma harakatlar rejasini bajarish natijalari va bu boradagi hamkorlik istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro konferensiyani oʻtkazish rejalashtirilgan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.