Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti BMT maxsus maʼruzachisini qabul qildi

0
76
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlari va asosiy erkinliklarini ragʻbatlantirish va himoya qilish boʻyicha maxsus maʼruzachisi Fionnuala Ni Aolaynni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Yetakchi xalqaro tuzilmaning yuqori darajali vakili davlatimiz rahbari tomonidan BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan tashabbus va takliflarni amalga oshirish doirasida mamlakatimizda tashrif bilan boʻlib turibdi.

Uchrashuvda inson huquqlari sohasida, zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurash borasidagi dolzarb kun tartibi yuzasidan ochiq va konstruktiv muloqotni yanada rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

Hamkorlik samarali tus olgani, mamlakatimiz ushbu muhim yoʻnalishlarda katta muvaffaqiyatlarga erishgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, Oʻzbekiston BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining (IHK) toʻla huquqli aʼzosi boʻldi, uning ishida faol ishtirok etmoqda. Kelgusi yilda Oʻzbekiston tomoni ushbu ixtisoslashtirilgan institutning rahbarlik organlarida vakillik qiladi.

Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiya doirasida yurtimizda gender tenglik, soʻz va din erkinligini taʼminlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar faol amalga oshirilmoqda.

BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. Oʻzbekiston tashabbusi bilan IHKning pandemiya davrida yoshlar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi rezolyusiyasi qabul qilindi, tegishli konvensiya ishlab chiqilmoqda.

Xavfsizlik sohasida qator asosiy qonunlar qabul qilingan, yaqinda besh yilga moʻljallangan Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish boʻyicha strategiya tasdiqlandi.

Maxsus maʼruzachi Oʻzbekistonning “Mehr” operatsiyasi doirasida fuqarolarni mamlakatga qaytarish, reabilitatsiya va reintegratsiya qilish borasidagi saʼy-harakatlarini yuksak baholadi. Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashdagi yangi yondashuvlar alohida qayd etildi.

Suhbat chogʻida yaqin hamkorlikni, eng avvalo, fuqarolik jamiyati institutlari oʻrnini mustahkamlash, xotin-qizlar va yoshlar oʻrnini kuchaytirish, qonunchilikni takomillashtirish va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha dastur va loyihalarni amalga oshirishda texnik koʻmak va yordamni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekistonning BMT organlari va huquqni himoya qilish institutlari bilan sherikligini mustahkamlashga qaratilgan qator qoʻshma xalqaro tadbirlar oʻtkazishga kelishib olindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.