Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Dushanbe shahriga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Poytaxt aeroportida davlatimiz rahbarini Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon kutib oldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi va ikki mamlakat davlat bayroqlari koʻtarildi. Oʻzbekiston Prezidentini kutib olishda Tojikiston yoshlari va ijodiy jamoalari vakillari ham qatnashdi.
Soʻng Prezidentimiz “Doʻstiy” maydoniga tashrif buyurib, Ismoil Somoniy haykali poyiga gul qoʻydi.
Dushanbedagi “Qasri Millat” qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki davlat madhiyalari yangradi.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon faxriy qorovul safi oldidan oʻtib, rasmiy delegatsiyalar aʼzolarini bir-biriga tanishtirdilar. Birgalikda suratga tushildi.
Ayni paytda davlat rahbarlari ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazmoqda.
Taʼkidlash joizki, oliy darajadagi muzokaralarda yetakchilar Oʻzbekiston-Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qiladilar, xalqaro va mintaqaviy darajadagi hamkorlik yuzasidan fikr almashadilar.
Tashrif dasturida ikki mamlakat sanʼat ustalarining konsertini birgalikda tomosha qilish hamda «Made in Uzbekistan» mahsulotlar koʻrgazmasi bilan tanishish rejalashtirilgan.
Davlat tashrifi doirasida bir qator tadbirlar, shu jumladan xotin-qizlar forumi, Oʻzbekiston kinosi kunlari, ziyolilar, olimlar va tarixchilar konferensiyasi, milliy taomlar va turizm salohiyati festivali boʻlib oʻtdi.
Avvalroq Toshkent shahrida Rektorlar forumi va Dushanbe shahrida biznes forumi oʻtkazilgan edi.