Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 avgust kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj xonimni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz saytida.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan taʼkidladi.
Joriy yil iyun oyida Sindao shahridagi Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muzokaralar va uning yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlar amaliy hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilab olish imkonini berdi.
Suhbatda ikki davlat oʻrtasidagi keng koʻlamli, avvalo savdo-iqtisodiy, investitsiya, innovatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash muhimligi alohida qayd etildi.
Farmatsevtika va tibbiyot, axborot texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi, turizm va boshqa tarmoqlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Hindistonga boʻlajak davlat tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik rishtalariga asoslangan munosabatlarda yangi davrni boshlashga, ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqishga qaratilgani alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, tomonlarni qiziqtiruvchi xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Natx Kovind va Bosh vaziri Narendra Modining salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Hindiston hukumati mamlakatimizni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasi va sifatini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohot va yangilanishlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlashi taʼkidlandi.
Hindiston Oʻzbekistonning mintaqada xavfsizlik, barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlash borasidagi tashabbuslarini yuqori baholashi va qoʻllab-quvvatlashi qayd etildi.
Sushma Svaraj Hindiston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasi bilan koʻp qirrali hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga intilishi qatʼiy ekanini taʼkidladi.