Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi

0
96
marta koʻrilgan.

16 noyabr kuni “Koʻksaroy” qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida davlatimiz rahbari huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tadbirda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, «Suez», «Calik Holding», «Cengiz Enerji», «Halyk Bank», «VEON Group», «TBC Bank», Abu-Dabi taraqqiyot fondi, «ACWA Power», «Zeppelin International AG», «EDF», «AME International», «CNH Industrial», «Youngone Corporation», «Procter & Gamble», «Mitsui», «Sojitz Generation DMCC», «KIA Motors», «General Electric», «John Deere», «Silverleafe», «Knauf», «White&Case» kabi yetakchi kompaniya va banklar rahbarlari, shuningdek, xalqaro moliyaviy institutlar – Jahon banki, Xalqaro moliyaviy korporatsiya, Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot banki vakillari ishtirok etdi.

Xorijiy investorlar kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 noyabrdagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy vazifasi ilgʻor jahon tajribasi va amaliyotlariga tayangan holda Oʻzbekiston hukumatiga mamlakatni investitsiyaviy, sanoat-texnologik va innovatsion rivojlantirishning eng muhim yoʻnalishlari boʻyicha maslahatlar berishdan iborat.

Ushbu maslahat organining birinchi sessiyasida uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, mamlakatimizda ustuvor yoʻnalishlarda aniq kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida global miqyosdagi inqirozli hodisalar sharoitida, oʻzaro ishonch va hurmatga asoslangan yaqin hamkorlikka boʻlgan ehtiyoj ortib borayotgan vaziyatda bugungi yigʻilish alohida ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Keyingi yillarda Oʻzbekistonda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani, milliy iqtisodiyotimizning ochiqligini taʼminlash va uning xalqaro bozorlarga integratsiyasi uchun zarur sharoitlar yaratish ushbu yangilanishlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab olingani qayd etildi.

Jumladan, valyuta bozori erkinlashtirildi, xususiy investorlarga energetika, geologiya-qidiruv, kimyo va neft kimyosi, tibbiyot va taʼlim kabi sohalarda faoliyat yuritish imkoniyatlari kengaytirildi.

Xususiy biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha inqilobiy qarorlar qabul qilindi. Bu sohada ikki yuzdan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Tadbirkorlikning soliq yuki qisqartirildi, xorijiy investitsiyalar uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratilmoqda.

Natijada, pandemiya va tashqi bozorlardagi ogʻir vaziyatga qaramasdan, iqtisodiy oʻsishning ijobiy dinamikasi saqlab qolindi va davom ettirilmoqda. Soʻnggi 5 yilda iqtisodiyotimizga kirib kelgan xorijiy investitsiyalar hajmi 10 baravar oshib, qariyb 40 milliard dollarni tashkil etdi.

Prezidentimiz, eng avvalo, sanoat sohalarini modernizatsiya va transformatsiya qilish, ishlab chiqarish, kommunal va transport infratuzilmasini jadal rivojlantirishga yanada koʻproq investitsiyalarni yoʻnaltirish uchun aniq loyiha va dasturlar ishlab chiqilganini koʻrsatib oʻtdi.

Oʻzbekiston yetakchisi kengash doirasidagi faoliyatning bosh maqsad-vazifalarni hamda xorijiy investorlar bilan sheriklikni yanada kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.

Bu, eng avvalo, investorlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash va himoya qilish kafolatlarini mustahkamlashdir. Shu maʼnoda davlatimiz rahbari kengash huzurida Investorlarning huquqlarini himoya qilish qoʻmitasini tuzishni taklif etdi.

Oʻzbekiston bank-moliya sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirishga intilib, sarmoyadorlarning bu sohani yanada takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslari uchun ochiq ekani taʼkidlandi.

Mamlakatimiz iqtisodiy siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri – davlatning iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirish va xususiylashtirishni kengaytirish. Barcha tarmoqlarda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy qilinmoqda.

Oʻzbekiston tabiiy resurslar borasida ulkan imkoniyatlarga ega ekani, ularni oʻzlashtirishda ishtirok etish uchun xorijiy investorlarga keng sharoitlar yaratilgani koʻrsatib oʻtildi.

“Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilingan va amalga oshirilmoqda. Uning doirasida mamlakatimizdagi raqamlashtirish jarayonlariga xorijdan sarmoya va texnologiyalarni faol jalb etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

“Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda, qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida ilmiy-texnik salohiyatni rivojlantirish va mutaxassislar tayyorlash boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrilmoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti yigʻilishda hozir boʻlgan barcha investor va hamkorlarni qayd etilgan loyiha va dasturlarda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Majlisda soʻzga chiqqan Kengash aʼzolari keyingi yillarda Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar dasturining yuksak muvaffaqiyatlarini, ular natijasida biznes bilan shugʻullanish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratilganini qayd etdilar. Investorlarning faoliyatiga har tomonlama koʻmak koʻrsatilayotgani uchun davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorlik, bundan buyon ham oʻzaro manfaatli sheriklik qilishga tayyorlik bildirildi.

Yigʻilish yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xorijiy investorlar bilan tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, bugungi majlisda bildirilgan takliflar asosida aniq muddat va ijrochilarni koʻrsatgan holda “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.