Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Ibrohim Gʻafurovni 80 yoshi bilan tabrikladi

0
115
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Ibrohim Gʻafurovni 80 yoshi bilan tabrikladi,  deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.

 
Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Ibrohim Gʻafurovga
 
Muhtaram Ibrohim Usmonovich!
 
Avvalambor, Sizni kamolot va donishmandlik fasli – tabarruk 80 yoshingiz bilan samimiy muborakbod etaman.
 
El-yurtimiz Sizni noyob isteʼdodi va samarali ijodi bilan jamiyatimizning maʼnaviy va ijtimoiy ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan atoqli maʼrifatparvar adib, yirik olim, faol jamoat arbobi sifatida yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.
 
Sizning yigirmanchi asr oʻzbek adabiyotida oʻchmas iz qoldirgan buyuk soʻz sanʼatkorlarining murakkab va ibratli hayot va ijod yoʻliga bagʻishlangan teran adabiy tadqiqotlaringiz, “Goʻzallikning olmos qirralari”, “Joziba”, “Yonar soʻz”, “Yam-yashil daraxt”, “Hayo – xaloskor”, “Mangu latofat” singari oʻquvchilar qalbidan chuqur joy olgan kitob va risolalaringiz oʻzbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligining yorqin sahifalarini tashkil etadi.
 
Ayni paytda adabiyot ixlosmandlari Sizni badiiy tarjima sohasida oʻziga xos maktab yaratgan, milliy adabiyotimiz xazinasini boyitishga ulkan hissa qoʻshgan benazir va mohir tarjimon sifatida eʼtirof etadilar.
 
Oʻzbek kitobxoni Sizning zahmatli izlanishlaringiz tufayli jahon adabiyotining mumtoz namunalarini, jumladan, Lev Tolstoy, Gi de Mopassan, Fyodor Dostoyevskiy, Jeyms Joys, Ernest Xeminguey, Fridrix Nitsshe, Gabriel Garsia Markes, Chingiz Aytmatov singari betakror ijodkorlarning asarlarini oʻz ona tilida oʻqishga muvaffaq boʻldi.
 
Yuksak malakali noshir va hassos publitsist sifatidagi Sizning fidokorona xizmatlaringiz mamlakatimizda nashriyot-matbaa sohasi va milliy jurnalistikamizni ravnaq toptirishga katta hissa boʻlib qoʻshilganini alohida taʼkidlash lozim.
 
Doimo yangilikka intilib yashaydigan, jonkuyar va mehribon ustoz sifatida koʻp yillar davomida Oʻzbekiston Milliy universiteti hamda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida yoshlarga saboq berib, koʻplab isteʼdodli shogirdlar tarbiyalaganingiz har tomonlama tahsinga loyiqdir.
 
Vatanimiz mustaqilligining ilk yillaridan boshlab Siz Oliy Majlis deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari sifatida demokratik islohotlarni hayotga joriy etish, xususan, milliy qonunchiligimiz asoslarini mustahkamlash va ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish borasida jonbozlik koʻrsatdingiz.
 
Sizning mamlakatimiz taraqqiyoti va jamiyatimiz ravnaqi yoʻlida olib borayotgan koʻp yillik samarali xizmatlaringiz davlatimiz tomonidan munosib baholanib, “Doʻstlik”, “Mehnat shuhrati” ordenlari hamda “Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi” faxriy unvoni bilan taqdirlanganingiz barcha adabiyot muxlislarini albatta quvontiradi.
 
Vatan va millatga, soʻz sanʼatiga sadoqat haqida soʻz borganda, jamoatchiligimiz, xalqimiz, birinchi navbatda, oʻz kasbining ustasi va fidoyisi boʻlgan Siz kabi ilgʻor fikrli ziyolilarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olishi tabiiydir.
 
Mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy jarayonlar yangi, yuksak bosqichga koʻtarilib, hal qiluvchi kuchga aylanayotgan bugungi kunda Siz singari chuqur bilim va hayotiy tajribaga, faol ijtimoiy pozitsiyaga ega boʻlgan, qalbi, vijdoni uygʻoq zamondoshlarimizning hayotdagi oʻrni va taʼsiri tobora ortib bormoqda. Sizning mana shunday ulugʻ va tabarruk yoshda ham faol va joʻshqin ijod bilan shugʻullanayotganingiz barchamiz uchun, avvalo, navqiron isteʼdod egalari uchun yuksak oʻrnak va ibrat namunasidir.
 
Ijod va ilhom zavqi Sizni hech qachon tark etmasin!
 
Sizga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt, yangi-yangi asarlar quvonchi doimo yor boʻlishini tilayman.
 
Shavkat Mirziyoyev,         Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
 
 “gujum. uz” sayti tahririyati ham ustoz Ibrohim Gʻafurovni qutlugʻ yoshi, yurtimiz rahbarining eʼtirofi  va halqimizning eʼzozi bilan muborakbod etadi.
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.