Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasining Rossiya tomonidan raisi oʻrinbosari, Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vazirini qabul qildi

0
135
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 oktyabr kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan  kelgan Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasining Rossiya tomonidan raisi oʻrinbosari, Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkinni qabul qildi. 

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. 

Oliy darajadagi muntazam muloqotlar ikki tomonlama aloqalarni yuksak darajada faollashtirishga xizmat qildi. Keyingi yilda yuqori darajada 80 dan ortiq oʻzaro tashriflar tashkil etildi. Sentyabr oyida ikki davlat hukumatlari rahbarlari raisligida Hukumatlararo komissiya majlisi samarali oʻtdi. Keyingi oylarda mamlakatimiz hududlari Rossiyaning 28 subyekti bilan sheriklik munosabatlarini yoʻlga qoʻydi. 

Joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 20 foizdan ortiq oshdi. Xaridorgir mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berishni koʻpaytirish, infratuzilmani rivojlantirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiyani kuchaytirish va istiqbolli qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.  

Yaqin kunlarda Toshkent shahrida ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor Oʻzbekiston va Rossiya hududlari hamda oliy taʼlim muassasalari rektorlarining forumlari boʻlib oʻtadi. Ushbu forumlarda ikki mamlakat hududlari, kompaniya va korxonalari, oliy oʻquv yurtlari rahbarlari ishtirok etadi. 

Uchrashuvda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga boʻlajak davlat tashrifi kun tartibidagi iqtisodiy masalalar yuzasidan fikr almashildi. 

Iqtisodiy rivojlanish vaziri davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin hamda Hukumat Raisi Dmitriy Medvedevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. 

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi keng koʻlamli va oʻzaro manfaatli amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani taʼkidlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.