Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Koreya Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, strategiya va moliya vazirini qabul qildi

0
103
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 13 fevral kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Koreya Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, strategiya va moliya vaziri, ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya hamraisi Kim Dong Yonni qabul qildi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik barqaror surʼatlar bilan kengayib, anʼanaviy doʻstona aloqalar va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

Koreya Respublikasiga 2017 yil noyabr oyida amalga oshirilgan tarixiy tashrif va uning yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlar Oʻzbekiston – Janubiy Koreya oʻzaro manfaatli hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilgani va aniq amaliy mazmun bilan boyitgani alohida taʼkidlandi.

Oʻtgan yili oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 1,3 milliard dollardan oshdi. Tasdiqlangan «yoʻl xaritasi»ga muvofiq, bugungi kunda mamlakatimizda zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish va infratuzilmani modernizatsiya qilish boʻyicha umumiy qiymati 6 milliard dollardan ziyod 60 dan ortiq investitsiya loyihalari tayyorlanmoqda va amalga oshirilmoqda.

Oʻzaro hamkorlikning oʻtgan davrida Oʻzbekiston iqtisodiyotiga Janubiy Koreyadan jami 7 milliard dollarlik investitsiyalar jalb qilindi, Koreya Respublikasi kompaniyalari ishtirokida 500 dan ortiq korxona tashkil etildi.

Janubiy Koreyaning ilgʻor tajribasi, bilim va texnologiyalarini mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlari va ijtimoiy sohasiga joriy etishga qaratilgan qoʻshma dastur va tadbirlar faol roʻyobga chiqarilmoqda. Ushbu mamlakatning yetakchi mutaxassislari Oʻzbekiston vazirlik, idora va tashkilotlariga maslahatchi sifatida jalb qilingan.

Madaniy-gumanitar, fan-taʼlim va turizm sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiya, innovatsiya, bank-moliya va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Koreya Respublikasi rahbariyati va xalqini Pxyonchxan shahrida qishki Olimpiya oʻyinlari boshlangani munosabati bilan samimiy tabrikladi, ushbu nufuzli xalqaro sport tadbirining muvaffaqiyatli oʻtishiga tilak bildirdi.

Oʻz navbatida, Koreya Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Hukumatlararo komissiya hamraisi davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Prezident Mun Chje Inning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Mehmon Oʻzbekiston rahbariyati Koreya Respublikasi fuqarolariga vizasiz tartib joriy etish haqida qaror qabul qilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Bu, shubhasiz, mamlakatimizga sayyohlar oqimini salmoqli darajada oshirish va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida Kim Dong Yon Janubiy Koreya mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va keng miqyosli oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini qayd etdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.