Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Koreya Respublikasi delegatsiyasini qabul qildi

0
116
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni Koreya Respublikasining Shimol bilan iqtisodiy hamkorlik boʻyicha qoʻmitasi raisi Son Yon Gil boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, doʻst Janubiy Koreya rahbariyati va xalqini joriy yil 27 aprel kuni Pxanmundjomda Koreyalararo sammit muvaffaqiyatli oʻtgani bilan yana bir bor tabrikladi.

Ushbu tarixiy tadbir Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning KXDR bilan munosabatlarni yaxshilash, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash, ishonch muhitini mustahkamlashga qaratilgan «Yangi shimoliy siyosat»ni roʻyobga chiqarish borasidagi qatʼiy pozitsiyasi va saʼy-harakatlari tufayli samarali natijalar berayotgani alohida taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi oʻrtasidagi strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

2017 yil noyabr oyida Janubiy Koreyaga oliy darajadagi tashrif yakunida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuksak darajaga olib chiqib, sifat jihatidan yangi mazmun, turli sohalarga doir aniq loyihalar va dasturlar bilan boyitdi.

Suhbat chogʻida mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsiyaviy, innovatsiya va gumanitar, jumladan, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalaridagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Son Yon Gil davlatimiz rahbariga samimiy qabul va tabrik uchun minnatdorlik bildirib, Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Mehmon Koreya Respublikasi ulkan mintaqaning tinchligi, barqarorligi va izchil taraqqiyoti yoʻlida Oʻzbekiston Respublikasi bilan keng koʻlamli va koʻp formatli sheriklikni yanada kengaytirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.